NATO bosh kotibi: Navalniyning o‘limi - Kiyevga yordamni oshirish uchun sabab
Yyens Stoltenberg fikricha, Rossiya jang maydonida g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Uning fikricha, Navalniy xotirasiga hurmat bajo keltirishning eng yaxshi yo‘li - Ukrainaga yordamni kengaytirish.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg fikricha, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limi va Ukraina qurolli kuchlarining (UQK) Avdiyivkadan chekinishi Shimoliy Atlantika alyansi va uning ittifoqchilari e’tiborini Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirish zarurligiga qaratishi kerak. «Ishonchim komilki, Navalniy xotirasiga hurmat bajo keltirishning eng yaxshi usuli bu - Putinning jang maydonida g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik, Ukrainaning ustunligini ta’minlash», — dedi Stoltenberg 21 fevral, chorshanba kuni Bryusselda.
NATO bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, bir necha oy davom etgan shiddatli janglardan so‘ng Ukraina qo‘shinlarining Avdiyivkadan olib chiqilishi Ukrainaga bundan ham ko‘proq harbiy yordam kerakligini, Navalniyning koloniyada o‘lgani va uning o‘limi holatlarini o‘rganishning kechikishi esa Kreml rejimining avtoritar tabiatiga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligidan dalolat beradi.
AQSh ittifoqchilari Kiyevga yordamni oshirmoqda
Stoltenbergning ta’kidlashicha, AQShning Ukrainaga 61 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqlash Kongress Vakillar palatasida kechikayotgan bir paytda, boshqa davlatlar, jumladan, Shvetsiya, Kanada va Yaponiya Kiyevni qo‘llab-quvvatlamoqda.
NATO bosh kotibi Ukraina qurolli kuchlari F-16 qiruvchi samolyotlarini aynan qachon qabul qilishi mumkinligi haqidagi savolga javob bermadi. U yana bir bor Ukrainaning barcha ittifoqchilari F-16 samolyotlarini imkon qadar tezroq Ukrainada ko‘rishni xohlashini aytdi, biroq uchuvchilar va mexaniklarni tayyorlashga ham e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. Ehtimoliy yetkazib berish muddatiga kelsak, bu haqda harbiy ekspertlardan so‘ragan ma’qul, deya xulosa qildi Yyens Stoltenberg.
Mavzuga oid
15:01 / 20.12.2024
Olaf Shols NATO bo‘yicha ittifoqchilarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
07:52 / 19.12.2024
NATO Kiyevga harbiy yordamni muvofiqlashtirishni o‘z zimmasiga oldi
21:58 / 16.12.2024
Rossiya mudofaa vaziri armiyani NATO bilan urushga tayyorlashni buyurdi
19:58 / 13.12.2024