Jahon | 08:10 / 24.02.2024
6296
3 daqiqa o‘qiladi

Avstriya sobiq kansleri yolg‘on guvohlik berganlikda aybdor deb topildi

Sebastyan Kurs o‘z ishi bo‘yicha sud qarorini adolatli deb hisoblamasligini va apellyatsiya muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid qilishini aytdi. Avstriya hukumatining sobiq rahbari sakkiz oylik shartli jazoga hukm qilindi.

Foto: Malte Ossowski / SVEN SIMON / Global Look Press

Avstriyaning sobiq kansleri Sebastyan Kurs sud tomonidan «Ibitsa-geyt» deb nomlanuvchi shov-shuvli korrupsiya ishi bo‘yicha tergov olib borayotgan parlament qo‘mitasiga yolg‘on ko‘rsatma berganlikda aybdor deb topildi. 23 fevral, juma kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Vena sudi sobiq hukumat rahbarini bu borada sakkiz oylik shartli muddatga hukm qildi.

Ayblov ÖBAG davlat investitsiya holdingi kuzatuv kengashiga tayinlovlarga tegishli, deya aniqlik kiritadi AFP. Shu bilan birga, Sebastyan Kurs o‘zining ishonchli odami Tomas Shmidni holding direktorlar kengashiga tayinlash ayblovi bo‘yicha oqlandi. 

Kursning vazirlar mahkamasi sobiq rahbari Bernxard Bonelli ham parlament qo‘mitasi oldida yolg‘on ko‘rsatma berganlikda aybdor deb topildi. Sud uni olti oyga shartli qamoq jazosiga hukm qildi. Ikkala holatda ham sinov muddati - uch yil.

Sud majlisida Kurs o‘z aybini tan olmasligini ta’kidladi. «Bu meni juda hayratda qoldirdi. Buni adolatli emas deb hisoblayman», dedi u keyinroq hukmni sharhlar ekan. «Keyingi bosqichda o‘zimizni haq ekanligimizni isbotlashimizga juda optimistik qarayapman», - deya qo‘shimcha qildi sobiq kansler. Kursning advokatlari avvalroq apellyatsiya berish niyatini bildirgan edi. 

Avstriyadagi «Ibitsa-geyt» mojarosi 

«Ibitsa-geyt» nomi bilan mashhur bo‘lgan janjal 2019 yilning may oyida boshlangan va Avstriyada katta rezonansga sabab bo‘lgan edi. O‘shanda 2017 yil iyul oyida Ispaniyaning Ibitsa orolidagi villada yashirin kamera tomonidan yozib olingan video ommaga tarqaldi. Unda Avstriyaning sobiq vitse-kansleri Xayns-Kristian Shtraxe 2017 yilgi parlament saylovlari arafasida go‘yoki «rossiyalik oligarx jiyani»ga saylovoldi kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash evaziga hukumat shartnomalarini va’da qilgani tasvirlangan.

«Ibitsa-geyt» natijasida Sebastyan Kurs 2021 yilda siyosatdagi faoliyatini yakunladi. Hozirda u bir qator xalqaro kompaniyalarda ishlaydi. Avstriyada Kurs davlat mablag‘larini o‘zlashtirgani uchun ham tergov qilinmoqda. 

Mavzuga oid