11:49 / 25.02.2024
24142

Rossiya–Ukraina urushi: global muvozanatni parchalagan “maxsus operatsiya”

Rossiya o‘z qo‘shnisi Ukraina bilan urush boshlaganiga 2 yil to‘ldi. Xo‘sh, urush va uning atrofidagi global vaziyat bugun qay holatda? Harbiy harakatlarning yakuni qaysi omillarga bog‘liq? “Geosiyosat” urushining ikki yillik sarhisobini siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov, Oybek Sirojov va Kamoliddin Rabbimov bilan tahlil qildi.

— Urushning ikkinchi yilida jang maydonlari va front chiziqlarida qanday asosiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi?

Farhod Tolipov: — Biz harbiy tahlilchilar emasmiz, shuning uchun front chiziqlaridagi vaziyatni aytish qiyin. Ikki yillik urushni darajalarga bo‘lib, tahlil qilish kerak deb o‘ylayman. Qanday urush ketyapti, oqibatlari qanday bo‘ladi, degan savolga 3 darajali tahlil bilan javob bergan bo‘lardim. Tor ma’noda faqat Rossiya va Ukraina urushi, degan yondashuv bittasi; urushning possovet hududida oqibatlari qanday bo‘ladi, Rossiyaning imperiyachilik siyosati, degan yondashuv ikkinchi yondashuv; butun dunyoga, Yevropaga ta’siri kabilar uchinchi darajasi. Yondashuv ham bu tahlilda, albatta.

Biz faqat front chizig‘i bo‘yicha tahlil qilsak ham, tor yondashuv bo‘ladi. Jang maydonining o‘zi urush degani emas, urush tushunchasi kengroq. O‘ziga yarasha murakkab jarayon, front chiziqlari siljib turibdi. Yuqorida aytgan darajalarimiz bo‘yicha ham xulosa qilish mumkin. Rossiya tomoni ham mana darajalarni hisobga olib harakat qilayotgan, rejalar qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Oybek Sirojov: — Urush davrini shartli ravishda 4 bosqichga bo‘lmoqchi edim: urush boshlangan fevral oyi oxirlaridan martgacha bo‘lgan davr, bu paytda Rossiya qo‘li baland keldi; aprel oyidan yanvargacha qarshi hujum bo‘ldi, yo‘qotilgan hududlarning ma’lum qismi qaytarib olindi; 2023 yil yanvardan boshlab Rossiya Ukrainaning asosiy infratuzilmalariga zarba berib burilish yasashga harakat qildi, ammo ish bermadi va shu vaqtda Ukrainada qarshi hujumga tayyorlanish boshlandi, iyulda boshlangan qarshi hujum oktyabrgacha davom etib, kutilgan natija bermadi; oktyabr oyi oxiridan boshlab yana Rossiya hujumga o‘ta boshladi, 2024 yil fevralga kelib natijalar ham bo‘ldi.

Umumiy jarayondagi qiziq bir tendensiyaga guvoh bo‘lish mumkin. Birinchisi, kim hujum qilayotgan bo‘lsa, o‘sha tomon ko‘proq yo‘qotishlarga uchrayapti. Ikkinchisi, Ukraina qarshi hujumga tayyorgarlik paytida ko‘p vaqt yo‘qotdi, bu orada Rossiya front chiziqlarini mustahkamlab oldi.

— Bu konfliktning global xalqaro munosabatlarga, ayniqsa G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarga ko‘rsatgan ta’sirlari qanday bo‘ldi?

Kamoliddin Rabbimov: — AQSh manbalari Rossiya Ukrainaga bostirib kirmoqchi deganda, YeIdagi ko‘plab davlatlar bunga ishonmadi va inkor qildi. Shunday bir vaziyatda Ukrainaga bostirib kirilgach kollektiv G‘arb, dunyo hamjamiyati shok holatiga tushdi, possovet hududi davlatlari ham. Keyingi davrda NATO ichkarisida inqiroz sekinlik bilan kengayib borayotgan edi, chunki NATOni birlashtiruvchi yagona dushman obrazi mavjud emasdi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, rasmiy Pekin bu Rossiyaning strategik xatosi bo‘ldi, NATOning qayta birlashuviga, AQShning YeIga qaytishiga sabab bo‘ldi, degan fikrni aytdi. Pekin bundan norozi bo‘ldi, tabiiyki. Chunki bunday geosiyosiy o‘zgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu haqiqatan kollektiv G‘arb birlashuviga sabab bo‘ldi.

2 yil ichida geosiyosiy kayfiyat, harbiy strategik vaziyat ikki tomonga chayqalib turibdi. Urush boshlanganda dunyo ekspertlari Ukraina uzoq chidolmaydi, dedi. Lekin bir oy o‘tgach, ko‘pchilik hayratlandi, dunyoning ikkinchi harbiy qudrati bo‘lmish Rossiya o‘zi aytganday Ukrainani bosib ololmadi, bosib olingan yerlarning ham yarmini saqlab qoldi faqat. Hozirgi vaziyatdagi urush pozitsiyalar urushi, kim hujum qilsa o‘sha tomon ko‘proq yo‘qotishga duch keladi. Urush juda cho‘zilib ketdi. Tarixdan bilamizki, urush boshlash oson, lekin to‘xtatish qiyin, bir tomonning tashabbusi bilan bo‘lmaydi. Har qanday urush yangi bir konsensus shakllantiradi. Agar Putin urushni to‘xtatsa, taslim bo‘lganini, g‘alabalarni qo‘lda saqlab qololmasligini tan olishi kerak. Natijada Rossiya har doim urushda yengilgach, hokimiyat yoki siyosiy tizim yiqilgan. Ukraina uchun bu tanlov urushi emas, chunki u o‘z yerini, davlatchiligini himoya qilyapti.

— Xalqaro hamjamiyatning sanksiyalari va boshqa choralari qanchalik samarali bo‘ldi?

Farhod Tolipov: — Sanksiyalar izsiz ketmaydi, ta’sir qiladi. Sanksiyalar boshlanganda Rossiyaning o‘zidagi iqtisodchilar ham xavotirli prognozlar qila boshladi. 2022 yil o‘tdi, keyingi 2023 yilda endi katta yo‘qotishlar bo‘ladi, degan prognozlar bo‘ldi, lekin bu safar ham katta yo‘qotishlar bo‘lmadi. Endi esa bu borada ham turli qarashlar paydo bo‘la boshladi, sanksiyalar ish beryaptimi, degan savollar ham qo‘yila boshlandi.

Putinning Karlsonga bergan intervyusiga qaraydigan bo‘lsak, Rossiya iqtisodi o‘sishga ham erishgan, Yevropada birinchi iqtisodga ham aylangan emish. Ziddiyatli ma’lumotlar. Rossiya sanksiyalarni his qilmadi, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi, ta’siri bo‘lgan. Sanksiyalar to‘xtagandan keyin ham o‘zini tiklashi qiyin. Sanksiyalarni chetlab o‘tishga harakat qilishi ham bu sanksiyalar ta’sir qilayotganini bildiradi. Bir vaqtlar o‘zi yordam bergan Shimoliy Koreya, Eronga muhtojlik sezyapti, demak, sanksiyalar ta’sir qilyapti, deyish mumkin.

Oybek Sirojov: — Sanksiyalar ta’sir qildi, lekin kutilgan natija bermadi. Birinchi navbatda sanksiyalar sabab Rossiyada ichki beqarorlikni shakllantirib, xalq urushga qarshi chiqishi, ikkinchidan esa urushni moliyalashtirish qiyinlashishi kerak edi. Ammo bu ikki holat ham bo‘lmadi. O‘z o‘rnida Rossiya hukumatining mohirona siyosatini e’tirof etish kerak bo‘ladi, G‘arb sanksiyalariga javob qaytardi o‘z vaqtida. Ikkinchi tomondan esa Rossiyaning katta resurslarga ega ekani ham inobatga olinmadi sanksiyalar e’lon qilinganda. Rossiya bilan umumiy urushlarni kuzatsak, ularda o‘ziga xos shovinistik ruh bor. Mana shu ruhni hozirgi hukumat uyg‘ota oldi, natijada Rossiya xalqi ham birlashyapti.

— Urushni boshlashdan maqsad Ukrainaning NATOga qo‘shilishining oldini olish va qurolsizlantirish edi. Ammo Finlandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shildi bu orada. Shu vaziyatga fikringiz qanday?

Oybek Sirojov: — Urush boshlanishida qurolsizlantirish va natsizmni tozalash maqsad qilib qo‘yilgandi. Bu natija bermadi, boshqa davlatlar yordam berdi, qurol-yarog‘ bilan ta’minladi. Shunday holatda boshqa chorasini ko‘rish kerak edi. Rossiya va Ukraina urushi jang maydonida hal bo‘lmaydi, balki qaysi davlatning siyosiy elitasi, xalqi shu qiyinchiliklarga bardosh berolsa, o‘sha tomon g‘alaba qilishi mumkin.

Shvetsiya, Finlandiyaning NATOga kirishi bilan ba’zi strategik yutqazishlar bo‘ldi. Lekin boshqa bir tomondan Ukrainaning NATOga kirishi masalasi yopildi, kirishi murakkab. Ayni shu masalada boshqa possovet davlatlari Gurjiston, Moldaviya masalasi ham yopildi. Possovet hududi Rossiya uchun Finlandiya va Shvetsiyadan muhimroq.

Kamoliddin Rabbimov: — Karlsonga bergan intervyusida Putin keyingi yillarda Rossiya YaIM Yevropa davlatlari ichida birinchi o‘ringa chiqdi, dedi. YaIMni o‘lchashning ikki yo‘li bor. Birinchisi nominal, Qrim anneksiya qilingunga qadar bir barrel neft taxminan 100-120 dollar edi va Rossiya katta daromad olardi. 2014-2015 yillarda Rossiya YaIM 2 trln dollardan oshardi. Ikkinchi o‘lchov sotib olish qobiliyati bilan. Rossiyadagi 1 dollar bilan AQShdagi 1 dollarning sotib olish qimmatida katta farq bor. Rossiyada sanksiyalar sabab rubl inflatsiyasi bor, dollar qadri oshgan. Mana shu dollardagi sotib olish qobiliyatiga ko‘ra birinchi iqtisodiyot deyilyapti, lekin bu xalqning turmush tarzi oshdi, degani emas, xalqning sotib olish qobiliyati ancha pasaydi.

Urushning asosiy qismi propaganda, sanksiyalar sabab iqtisodiy qiyinchilikka tushdik, desa, yengilgan bo‘ladi. Putinning oldida kuchli iqtisodchilar bor. Iqtisodni liberallarga topshirib qo‘yibdi, sanksiyalarga esa aqlli javob qaytaryapti.

Farhod Tolipov: — Yaqinda Braziliyada G20 davlatlari sammiti bo‘ldi. Unda Rossiyaga nisbatan sanksiyalar masalasiga ham to‘xtalishdi va bir nechta ishtirokchilar kattaroq sanksiyalar qo‘llash kerakligini aytib o‘tdi.

— Urushning kelajagini ko‘rib chiqqan holda, NATO va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatlar qanday rivojlanishi mumkin?

Kamoliddin Rabbimov: — Rossiya-Ukraina urushi boshlanganida taxminan yarim yil-bir yil davomida Rossiya ancha tushkun kayfiyatda bo‘ldi, chunki Ukraina bosib olingan yerlarning yarmini qaytarib oldi. Rossiya hokimiyatiga yaqin shaxslar kerak bo‘lsa Rossiya yadro qurolini ishlatishi mumkin deb eslab turdi. Hozir ham vaqti-vaqti bilan eslanadi. NATOning Ukrainani qo‘llashda asosiy ehtiyotkorligi Rossiyaning yadroviy salohiyati. Rossiyani qattiq tahqirlash yoki qo‘rqitib yuborish yadro xavfini yuzaga keltirishi mumkin. Urush boshlanganda rossiyalik ekspertlar Kiyev atrofiga taktik yadroviy bomba tashlasak, taslim bo‘lishar deb ko‘p aytishdi.

YeIda Rossiyani ta’bir qilib bo‘lmaydi, degan konsensus shakllanib bo‘lgan. Putin Karlsonga biz hech kimga hujum qilmaymiz, dedi, lekin bunga hech kim ishonmaydi, oldinam shunday degan. Finlandiyaga nisbatan ham oldin e’tirozimiz yo‘q edi, NATOga qo‘shildi, endi javob beramiz, degan gapni aytdi. Putin Ukraina kompaniyasini o‘z foydasiga hal qilib urushni tugatsa, bundan keyin ham urushsiz o‘tirolmaydi. Chunki 150 mln xalqi bor Rossiyada urush jarayoni to‘xtasa, ichkarida sarhisob boshlanadi: nimaga erishdik, qancha odam o‘ldi kabi. Bu esa Putin siyosiy tizimiga uncha ma’qul kelmaydi.

Oybek Sirojov: — Rossiya va NATO munosabatlarida qizil chiziq bor, ya’ni Rossiya tomonidan yadro quroli ishlatilmaydi, NATO esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shilmaydi. Kim nima yutdi, degan savol ham bor. Yuqorida aytilgandek, inqiroz yoqasidagi NATO qayta birlashdi, uni moliyalashtirish borasidagi e’tirozli masalalar butunlay kun tartibidan chiqarildi. Kengayadigan ham bo‘ldi NATO. Rossiyaning yutgani esa Ukrainaning NATOga kirishi masalasi kun tartibidan chiqdi, possovet hududidagi boshqa davlatlar ham.

Boshqa davlatga urush ocholadimi, deydigan bo‘lsak. Rossiya imkoniyatlari keskin chegaralandi 2 yillik urush davomida. Yana bir front ochish imkoni yo‘q. So‘nggi vaqtlarda muzokaralarga ham harakat qilyapti. Bundan tashqari, boshqa imkoniyatlar ham izlayapti, so‘nggi haftada kosmosga yadro quroli joylashtirish masalasi muhokama qilindi. 20 fevral kuni Shoygu ham intervyusida shu masalani ko‘tardi. Bu ham o‘ziga xos signal, savdolashish ketyapti. Evaziga nima so‘ralishi so‘roq ostida, balki qurol yetkazishni to‘xtatish so‘ralar. Bu propaganda bo‘lishi ham mumkin.

Farhod Tolipov: — Moldaviya, Gurjistonda NATOga a’zo bo‘lish masalasi olib tashlandi, degan fikrga qo‘shilmaydi, chunki bunday xabarlar, ishoralar yo‘q. Moldaviya ma’muriyati YeI va NATOga kirish istagini tinimsiz bildirib kelyapti. Ukrainaning a’zo bo‘lishi masalasi ham urush tugagandan keyin ko‘rib chiqilishi aytilyapti, neytral bo‘lib qolishi kabi variantlar aytilmayapti. NATOning yangi konsepsiyasida Rossiyani dushman davlat sifatida belgilashdi, NATO bosh kotibi Ukrainaga yordam berishni tezlashtirish kerak, deyapti. Ya’ni NATOning pozitsiyalari qat’iy. Yaqin orada NATO tarixida bo‘lmagan ko‘lamda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Shunday ekan, NATO Rossiya bilan bo‘ladigan ehtimoiy urushga tayyorgarlik barobarida o‘z qudratini ko‘rsatdi.

NATO va Rossiya o‘rtasida bilvosita urush ketyapti desak ham bo‘ladi ma’lum ma’noda. Hozirgi urush faqatgina Ukraina va Rossiya o‘rtasida bo‘lganda boshqacha tugagan bo‘lardi. Agar Ukraina mag‘lub bo‘lsa, Rossiya Yevropaga tahdid soladi, deyapti va Ukraina masalasi, uni NATOga qo‘shish dolzarbligicha qoladi. Braziliyadagi G20 sammitida ham bu boradagi gaplar ochiq aytildi.

Kamoliddin Rabbimov: — Myunhen konferensiyasida ham Germaniya tomoni Ukrainaga yordam berish kun tartibidan tushmasligi kerak, dedi. G‘arbda shunday tafakkur shakllandiki, Afg‘oniston kompaniyasidan keyin Ukrainada ham yutqazsa, geosiyosiy fojia bo‘ladi bu. Chunki qolgan avtoritar davlatlar bosh ko‘taradi, Xitoy Tayvanni olib qo‘yadi, G‘arbning obro‘si tushib ketadi, strategik yutqazish bo‘ladi. O‘ylaymanki, Ukrainaga yordam yana ko‘payadi.

Oybek Sirojov: — AQShdagi saylovlarning ham ta’siri bor, lekin shu bilan birga AQSh o‘z maqsadlariga erishdi. Ya’ni butun Yevropa bozorini gaz bilan ta’minlashda AQSh roli oshdi, Rossiya bu bozordan chiqib ketdi. AQShning qurol ishlab chiqarish kompaniyalari ham misli ko‘rilmagan foyda ko‘rdi. Yevropa ham, AQSh ham beradigan yordamlarni berib bo‘ldi, bundan bu yog‘iga kuchliroq qurollar berish mumkin, lekin bu vaziyatni murakkablashtirib yuboradi. Ikkinchi yo‘l esa harbiy sanoatni rivojlantirish, lekin bu ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaradi. G‘arb mana shunday dilemma oldida turibdi. Keyingi vaqtda bayonotlar ko‘p bo‘lyapti, lekin amaliy harakatlar kam bo‘lyapti.

— Ukraina mojarosidan so‘ng, Rossiyaning sobiq SSR hududlariga nisbatan harakatlari qanday bo‘lishi mumkin?

Oybek Sirojov: — Bosim bo‘ladi possovet hududlariga, menimcha. Rossiya siyosiy elitasida hozirgi urushning oldini olishimiz mumkin edi, o‘z vaqtida e’tibor bermadik, G‘arb xohlaganini qildi u yerda, boshqa davlatlarga nisbatan shu xatoni qilmasligimiz kerak, degan tushuncha bor. Rossiyada possovet hududidagi davlatlarga bosim o‘tkazish yo‘llari ishlab chiqilgan. Masalan, bizga nisbatan migrantlarni ko‘taradi, Tojikistonga nisbatan harbiy baza, «Tolibon» xavfi, Qozog‘istonga nisbatan chegara muammolari va boshqalar. Bu yog‘iga Rossiyaning bu tendensiyasi kuchayib boradi. 2 yillik urush davomida Ukraina qo‘li baland kelayotganda bu masalalar pasaygan, ammo Rossiya tashabbusni olgach yana kuchaygan.

Kamoliddin Rabbimov: — Putin hokimiyatdan ketgach ham Rossiyadagi imperiyachilik kayfiyati saqlanib qoladi qaysidir shaklda. Rossiyalik siyosatshunoslar aytadiki, Rossiya so‘nayotgan davlat: demografik qisqaryapti, iqtisodiy ulushi, geosiyosiy ulushi qisqaryapti. Shuning uchun ham Rossiya possovet hududini o‘z atrofida integratsiya qilishni maqsad qilib qo‘ygan. Possovet hududida Rossiyaning 2 ta katta loyihasi bor: Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va KXShT. Lekin bularning ichida ham fundamental ziddiyatlar bor, masalan Rossiya va Qozog‘iston munosabatlari. Agar biz bu tashkilotlarga kirsak, qaytadan Rossiya bilan to‘qnashish, qaytadan zo‘riqishni keltirib chiqaradi. Markaziy Osiyoga ta’siri zaiflashishini istamaydi Rossiya. So‘nggi 6-7 yil ichida Markaziy Osiyoda birinchi marta geosiyosiy hamjihatlik bor. Mintaqa davlatlari global maydonda o‘zini sub’yekt sifatida ko‘rishni istaydi va Rossiyaga nisbatan hamjihatlik bor.

— Urushning kelgusidagi istiqbollari qanday va qaysi omillar bu holatga ta’sir qilishi mumkin?

Farhod Tolipov: — Suhbat boshida 3 ta daraja haqida gapirdim. Urush yillari va oldinroq ham Rossiya siyosati do‘stdan dushman yasash bo‘yicha master klass o‘tadigan darajaga chiqdi. Sabab bo‘lmagan holatda ham qo‘shnilariga shubha bilan qarab, G‘arb bilan birlashyapti deb tamg‘a bosib, qo‘pol ravishda chiqishlar qilishdi. Qarab chiqilsa, Rossiya tomonidan tahdidli gap aytilmagan possovet hududidagi davlatlar qolmadi o‘zi. Armanistonga nisbatan ham shunday Ukrainaning kuni boshiga tushadi, degan ma’noda gap bo‘ldi yaqinda. Smolin, Prelipinga o‘xshaganlar bizga ham tahdidli gap aytdi, qo‘shib olish kerak, dedi. Biz doim Rossiya bilan yaxshi hamkorlik olib boryapmiz, lekin shunday yaxshi munosabatda ham shunday tahdidlar bo‘lyapti. Do‘stni dushmanga aylantirish bo‘yicha saboq beradigan darajada Rossiya.

Hozir Ukrainada boshqa possovet hududidagi davlatlarning ham taqdiri hal bo‘lyapti, deyish mumkin. Bir vaqtlar Sovet ittifoqi parchalangan bo‘lsa, bugun MDH tashkiloti ham parchalanishi mumkin, deb taxmin qilsak bo‘ladi. Possovet hududi davlatlarida Rossiyaga nisbatan norozilik kayfiyati bor. MDH asoschi davlatlaridan biri Ukrainada urush bo‘lyapti, lekin MDH sammitlarida urush haqida bir so‘z bo‘lgani yo‘q. Demak, MDH ham zaif tashkilot ekan, parchalanishi mumkin, degan xulosalar qilish mumkin.

Xalqaro tizimda ham urush yakuni islohotlarga olib kelishi mumkin, masalan, BMT islohotlari. Bu mavzu ham alohida tahlil qilishga arziydi. Yadroviy qurol taqdiri nima bo‘ladi endi? Bu qurol ushlab turish, tiyib turish quroli deyilar edi, urush boshlash uchun emas. Ammo Rossiya siyosatchilari bu bilan tahdid ham qilishyapti. Endi xavfsizlik falsafasi ham o‘zgardi. Shuning uchun urush yakunlangach, yadroviy qurol masalasi ko‘tariladi, deb o‘ylayman.

Oybek Sirojov: — Biz uchun O‘zbekiston, Markaziy Osiyo manfaatlari muhim hisoblanadi. Ikkinchi jihat esa urushga ta’sir qiluvchi omillar masalasi: tashqi va ichki omillar deb o‘ylayman. Tashqi omillar G‘arbning qo‘llovi bo‘lsa, ichki omil esa yana ham muhimroq. Bir ma’lumot o‘qib qoldim, 2022 yil mart oyidan 2023 iyungacha Rossiya hududidan 59 ta samolyot noqonuniy olib chiqilgan. Shu samolyotdan 3 tasi urushda qatnashgan. Ya’ni Rossiyada ham, Ukrainada ham korrupsiya muammosi bor. G‘arbning Ukrainaga e’tirozi ham korrupsiya masalasida bo‘lyapti. Ya’ni ichki omil shu, hukumat korrupsiyaga qarshi qanchalik kurasha oladi, degan masala. Bu urush borishiga va natijalariga jiddiy ta’sir qiladi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top