Jahon | 08:53 / 26.02.2024
6523
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: MRB rahbari Uilyam Berns Ukrainaga yashirincha tashrif buyurgan

Markaziy razvedka boshqarmasi direktorining ikki yil ichida Ukrainaga o‘ninchi tashrifi Vashington Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga yangi ishora bo‘ldi, dedi The New York Times nashriga razvedka agentligidagi manba.

Foto: Lamkey Rod/CNP/ABACA/picture alliance

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Uilyam Berns 15 fevral kuni Ukrainaga yashirincha tashrif buyurib, AQSh tomonidan moliyalashtirishning yangi miqdoriga rozi bo‘lishdagi muammolar fonida mamlakat rahbarlarini «tinchlantirish» uchun kelgan. Bu haqda 25 fevral, yakshanba kuni The New York Times (NYT) manbalariga tayanib yozdi

Ba’zi Ukraina razvedka xodimlari amerikalik hamkasblaridan, agar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Markaziy razvedka boshqarmasi ulardan voz kechadimi yoki yo‘qmi, shuni so‘radi. «Bu Afg‘onistonda avval ham sodir bo‘lgan, endi Ukrainada ham bo‘ladi», - deya xavotir bildirdi ukrainalik yuqori martabali zobit.

«Biz ko‘p yillar davomida Ukrainaga aniq sodiqligimizni namoyish qildik va bu tashrif AQSh majburiyati davom etishiga yana bir kuchli signal bo‘ldi», deb tushuntirdi AQSh razvedka manbasi javobida. 

Razvedka xizmatlari o‘rtasida muvaffaqiyatli hamkorlik 10 yildan beri davom etyapti

Nashr yozishicha, bu - Bernsning so‘nggi ikki yil ichida Ukrainaga o‘ninchi tashrifi. Gazetaning ta’kidlashicha, Markaziy razvedka boshqarmasi va Ukraina razvedka xizmatlari o‘rtasida 2014 yildan beri yaqin aloqalar mavjud. NYT qayd etishicha, bu vaqt ichida Ukraina Kremlga qarshi kurashda Vashingtonning razvedka xizmatlari bo‘yicha eng muhim sheriklaridan biriga aylandi. 

Aloqalar shu qadar mustahkamlandiki, Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan so‘ng, mamlakatda ishlagan Markaziy razvedka boshqarmasi ayrim xodimlari boshqa amerikalik xodimlar bilan birga evakuatsiya qilinmadi. Ular Bernsning talabiga binoan, Ukraina Xavfsizlik xizmatidagi (SBU) hamkasblarini tashlab ketmaslik uchun faqat Ukraina g‘arbidagi mehmonxona majmuasiga ko‘chib o‘tdi. Urush boshlanganidan beri Markaziy razvedka boshqarmasi rasmiylari Ukraina rasmiylariga muhim ma’lumotlarni, jumladan, Rossiya zarbalarni qayerda rejalashtirayotgani va qanday qurol tizimlaridan foydalanishi haqida taqdim etgan. 

«Ularsiz biz ruslar bilan kurashish yoki ularni mag‘lub etish imkoniga ega bo‘lmagan bo‘lardik», deya o‘sha paytda SBU rahbari bo‘lgan Ivan Bakanovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi gazeta. 

Mavzuga oid