O‘zbekiston | 11:17 / 27.02.2024
9150
3 daqiqa o‘qiladi

Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Ro‘yxati qonun hujjatlarida belgilanadigan ayrim faoliyat turlari bilan jamiyat faqat litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida yoxud xabardor qilish tartibida shug‘ullanishi mumkin.

Qonunning maqsadi mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning tashkil etilishi, faoliyati, ishtirokchilarning huquq va majburiyatlari, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati mas’uliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanadi.

Jamiyat qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi.

Jamiyat qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa yuridik shaxslarning muassisi bo‘lishga yoki ularning ustav fondida (ustav kapitalida) boshqacha tarzda ishtirok etishga haqlidir.

Jamiyat, agar uning ta’sis hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, nomuayyan muddatga tuziladi.

Jamiyat o‘zining to‘liq firma nomi davlat tilida ifodalangan va jamiyatning joylashgan yeri ko‘rsatilgan dumaloq muhrga ega bo‘lishga haqli. Jamiyatning muhrida uning firma nomi jamiyatning tanloviga ko‘ra boshqa tillarda ham ifodalanishi mumkin.

Jamiyat o‘zining firma nomi yozilgan shtamplariga va blankalariga, o‘z emblemasiga, shuningdek belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar belgisiga hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarini, tovarlar, ishlar va xizmatlarni individuallashtiruvchi o‘zga vositalarga ega bo‘lishga haqli.

Jamiyat o‘zining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkka ega bo‘ladi, o‘z nomidan huquqlarni olishi, majburiyatlarga ega bo‘lishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.

Jamiyatning ochiq hisoboti talab qilinmaydi, qonun hujjatlarida yoki jamiyatning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Jamiyat qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston hududida va undan tashqarida milliy va (yoki) chet el valutasi bank hisobvaraqlari ochishga haqlidir.

Jamiyat qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyat turlarini amalga oshirishi mumkin.

Ro‘yxati qonun hujjatlarida belgilanadigan ayrim faoliyat turlari bilan jamiyat faqat litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida yoxud xabardor qilish tartibida shug‘ullanishi mumkin.

Mavzuga oid