O‘zbekiston | 14:00 / 06.03.2024
5657
6 daqiqa o‘qiladi

Magistral gaz quvurlari tarmog‘ida ayollar mehnati - fidoyilik

Ayni paytda 13 ming kmdan ortiq yuqori bosimli quvurlardan iborat gaz transport tizimi va muhandislik inshootlariga xizmat ko‘rsatuvchi “O‘ztransgaz” AJ jamoasida 820 nafar xotin-qizlar ham mehnat qiladi. Ular orasida rahbarlar, muhandis, dispetcher, operator va chilangarlik kabi ayollar uchun murakkab bo‘lgan kasb egalari bor. Maqolada yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va tajribali xodimalar haqida so‘z yuritamiz.

Foto: O‘ztransgaz

Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi nazorat o‘lchov asboblari va avtomatika bo‘limi xodimi Irina Fattaxova ulardan biri. Gazli shahrida tug‘ilgan Irinaga gazchilik ota kasb. Tizimda ishlovchi xodimlar turli millat vakillari ekani ham e’tiborli jihat. Tatar qizi Irina bugun baynalminal jamoada turli millat vakillari bilan ahillikda ishlamoqda.

Irina Fattaxova

Tajribali mutaxassis I.Fattaxova avval "Gazlitransgazqazibchiqarish" boshqarmasida muhandis bo‘lib ish boshlagan bo‘lsa, keyingi 10 yildan ortiq hayoti Gazli MGQB bilan chambarchas bog‘liq. Bugun 5-"B" gaz siquv kompressor stansiyasi muhandisini mehnat jamoasidagilar hurmat qiladi. Magistral gaz quvurlari tarmog‘ida bunday ayollar oz emas. Yurtimizda xotin-qizlarga e’tibor ortib, masalaga davlat siyosati darajasida qaralayotgan keyingi paytlarda “O‘ztransgaz” AJda ham bu boradagi ishlar yangi bosqichda olib borilyapti. Xususan, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tibbiy ko‘rik va sport musobaqalari shular jumlasidan. Ayniqsa, Jamiyat rahbarining tizimdagi xotin-qizlar bilan uchrashib mavjud holatni bevosita ayollarning o‘zlaridan eshitish tartibi yo‘lga qo‘yilgani e’tiborli. Bunday samimiy suhbatlarda yangi tashabbuslar, g‘oyalar ilgari surilmoqda. Mavjud muammolarni yechish, sharoitlarni yanada yaxshilash maqsadida sa’y-harakatlar amalga oshirilyapti.

Rais bilan uchrashuv

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz ayollarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, barcha sohada gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqiy himoyalanishi hamda ijtimoiy muhofazasi masalasida qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida tarmoq ayollarining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, muammolarini hal qilish, rag‘batlantirish, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlariga aloqador masalalarni tahlil qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasidagi ishlarni yanada jonlantirish uchun Boshqaruv raisining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy qilindi. Bu yangilik – yo‘nalishda yangi sahifa ochdi va tadbirlar qamrovini kengaytirishga imkon beradi. Bugun Zomin tumanida “O‘ztransgaz ayollari, birlashaylik!” mavzusida o‘tkazilgan 4-forumda bu haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi.

Zomin forumi

Samarqandlik Marhabo Toshqulova –  gaz taqsimlash stansiyasi operatori bo‘lib ishlagan Mehri opaning izidan yurdi. Qaynonasining ishiga mehr qo‘yib, kasbning sir-asrorlarini o‘rgandi. Salkam 22 yildan buyon “Jomboy” Gs operatori bo‘lib ishlayotgan Marhabo kasbi haqida gapirib berdi. — Ishimiz o‘ziga xos va murakkab tomonlari bor. Kecha-yu kunduz monometrlarni kuzatish, vaqti kelsa og‘ir murvatlarni burash zarur. Stansiyamizga yuqori bosimli gaz qabul qilinib, uning bosimi o‘rta bosimga tushiriladi. Bunday inshootlar orqali necha millionlab kub metr tabiiy gaz o‘tadi. Jarayon nazoratiga biz operatorlar javobgarmiz. Ishda jiddiy mas’uliyat, oilada uy ishlari va bolalar tarbiyasiga ulgurishning o‘zi bo‘lmaydi. Shunga qaramay, yurt koriga yarash, gaz tizimi ishiga o‘z mehnatimiz bilan hissa qo‘shish istagida doim harakatdamiz,  deydi u.

Marhabo Toshqulova

Toshkent magistral gaz quvurlari boshqarmasi operatori Natalya Gadayeva “Eyvalek” gaz taqsimlash stansiyasida ishlaydi. Yoshligida ota-onasi ortidan stansiyaga borib yurgan qizaloq vaqtlar kelib o‘zi ham operator bo‘lib ishlashini his qilardi. Boshqa kasb haqida o‘ylab ham ko‘rmagan Natalya kasbning murakkabliklari va mas’uliyatiga to‘xtaldi. — Bir qarashda bu tizimda ishlash ayollarga xos emasdek. Lekin bu mening taqdirim. Biz operatorlar soatlarda yashaymiz desam xato bo‘lmas. Mening yuragimning o‘zi soat. Qandaydir bir sezgi har soatda sergaklikka undab, darak berib turadi. Vaqti bilan ko‘rsatkichlarni olib qayd etib boraman. Iste’molchilarimiz "Hududgaz Ohangaron" bo‘limi. Yana sanoat tarmog‘i ham bor. Stansiyada tabiiy gazga hid beruvchi kimyoviy modda "odorant" qo‘shib, tarqatuvchi tarmoqqa uzatiladi. Kimyoviy modda o‘ta kuchli odorant, uning hidida ko‘p qolinsa, sog‘liqqa salbiy ta’siri bor. Lekin busiz bo‘lmaydi, shu qo‘shimcha odamlarni tabiiy gaz sizib chiqishidan ogohlantiradi. Bu muhim narsa...

Natalya Gadayeva

Magistral gaz quvurlari tizimida ishlayotgan xodimlar ichida xotin-qizlar ulushi ko‘pchilik emas. Sababi, sohada ishlashning o‘ziga xos talablari bor. Lekin qayerda insonlarga e’tibor kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda oldinga siljish, mehnatga vijdonan yondashuv va hayotdan minnatdorlik tuyg‘ulari kuchayadi. Mavjud imkoniyatlar uchun tashabbuskor va tashkilotchilarga rahmatlar aytgisi keladi. Sohaning faol ayollari haqidagi hikoyalarni yana davom ettirish mumkin. Bayram arafasida tizimda mehnat qilayotgan barcha xodimalar va ularning yaqinlarini Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy tabriklaymiz!

Mavzuga oid