11:12 / 09.03.2024
22995

G‘azo sektorida havodan tashalgan yordam 5 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Qo‘shma Shtatlar va Iordaniya falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘lgan gumanitar yordam bo‘yicha fojiali hodisaga aloqadorligini rad etyapti. 

Foto: AP

G‘azo sektorida 8 mart, juma kuni insonparvarlik yordamining havodan tushishi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi jarohatlandi. Bu haqda Amerikaning CBS News telekanali mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi va voqea guvohiga tayanib xabar berdi.

Voqea G‘azo janubidagi Ash-Shatti lagerida, parashyut ochilmay qolgani oqibatida yuklar odamlar ustiga kelib tushgani sabab ro‘y bergani aytilmoqda.

AQSh va Iordaniya fojiali hodisa uchun javobgarlikni rad etyapti

8 mart, juma kuni AQSh, Iordaniya, Misr, Fransiya, Niderlandiya va Belgiya G‘azo sektori uzra osmondan gumanitar yordam tashladi. Amerika mudofaa idorasi rasmiysi CBS telekanaliga bergan intervyusida, dastlabki tahlillar Amerika samolyoti yerdagi o‘lim holatlari uchun javobgar emasligini ko‘rsatganini, biroq tergov davom etishi kerakligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar insonparvarlik yuklari bo‘lgan barcha qutilar odatdagidek qo‘ngani haqida tasdiqnoma olgan.

Iordaniya rasmiylari ham voqeadan o‘zini uzoqlashtirdi. Mamlakat davlat axborot agentligi xabar berishicha, aksiyada ishtirok etgan samolyotlarning birortasida ham texnik nosozlik yo‘q. 

Bayden G‘azo sektorida gumanitar port qurilishini e’lon qildi 

7 mart, payshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden xalqqa murojaati chog‘ida G‘azo sektorida u yerga gumanitar yuklarni yetkazib berish uchun vaqtinchalik port tashkil etilishini ma’lum qildi. 

Isroil Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lior Xayat mamlakat rejani olqishlashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «Isroil standartlariga muvofiq xavfsizlik tekshiruvlari o‘tkazilgandan so‘ng G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami hajmini oshirish imkonini beradi». Shuningdek, u Isroil HAMAS tashkiloti butunlay yo‘q qilinmaguncha va barcha garovga olinganlar qaytarilmaguncha unga qarshi kurashni davom ettirishini qo‘shimcha qildi. 

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top