Jahon | 13:50 / 11.03.2024
6871
3 daqiqa o‘qiladi

Peterburg yaqinida dron urib tushirildi va kuchli yong‘in chiqdi

Leningrad viloyatigacha yetib borgan uchuvchisiz uchoq tufayli Pulkovo aeroportida «Kover» rejasi joriy etildi. Aeroport yaqinidagi sanoat hududida kuchli yong‘in 1000 kvadrat metr maydonni qamrab oldi.

Foto: Wolfgang Schwan/AA/picture alliance

Leningrad va Novgorod viloyatlari rasmiylari 10 mart, yakshanba kuni urib tushirilgan uchuvchisiz uchoqlar haqida xabar berdi. Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenkoning so‘zlariga ko‘ra, Tosnenskiy tumanidagi Fornosovo qishlog‘i yaqinida urib tushirilgan uchuvchisiz uchoq tufayli «havo makonini yopish rejimi» joriy qilingan. Leningrad viloyati hududida uchuvchisiz uchoq yo‘q qilingani haqidagi ma’lumotni Rossiya Mudofaa vazirligi ham tasdiqlagan. 

Joriy qilingan «Kover» rejasi tufayli Pulkovo aeroporti taxminan bir yarim soat davomida reyslarni qabul qilmadi yoki qo‘yib yubormadi. Federal havo transporti agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, uchta samolyot zaxiradagi aerodromlarga yo‘naltirilgan. 

Baza Telegram-kanali «Kover» rejasini joriy etishga Sankt-Peterburgdagi korxonalardan biriga dron yordamida hujum qilishga urinish sabab bo‘lganini ko‘rsatmoqda. «VChK-OGPU» kanalining yozishicha, hujum nishoni yirik neft korxonasi bo‘lgan, uchta dron Sankt-Peterburgga uchgan: ulardan ikkitasi Novgorod viloyati uzra urib tushirilgan, biri Leningrad viloyatigacha yetib borgan. 

Yong‘indan tutun butun Peterburg bo‘ylab ko‘rindi 

Ayni paytda, mahalliy ommaviy axborot vositalari aeroport faoliyatining cheklanishini Volxonskoye shossesi hududida, Gorelovo mintaqaviy sanoat zonasida sodir bo‘lgan kuchli yong‘in bilan bog‘lamoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1000 kvadrat metr maydondagi yong‘in oqibatida ikki kishi jabrlangan. Uning sababi aniqlashtirilmagan. 

«Fontanka» nashrining yozishicha, mebel ishlab chiqarish angaridagi yong‘indan chiqqan qora tutunni Sankt-Peterburgning deyarli barcha tumanlari aholisi ko‘rgan. 

Pulkovo aeroporti faoliyati oxirgi marta 2 mart kuni cheklangan, o‘shanda ham havo hujumidan mudofaa tizimlari samolyot tipidagi uchuvchisiz uchish apparatini yo‘q qilgani haqida xabar berilgan edi. 

Mavzuga oid