Jahon | 14:53 / 12.03.2024
45824
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga dronlarning yopirilma hujumi: to‘qqiz region zarba ostida qoldi

Seshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning kamida to‘qqiz regioni ukrainlarning uchuvchisiz uchar apparatlari hujumiga uchradi. Nijyegorod oblastida dronlar zarbasi oqibatida «Lukoyl» neftni qayta ishlash zavodida, Oryolda dron qulashi oqibatida neft bazada yong‘in chiqqan.

Foto: Videodan kadr

Rossiya mudofaa vazirligi 12 mart tongida yetti oblast: Moskva, Leningrad, Belgorod, Kursk, Bryansk, Tula va Orlov oblastlarida 25 ta uchuvchisiz uchish apparatlari urib tushirilgani yoki ishdan chiqarilgani haqida xabar berdi.

Yana ikki region — Nijyegorod va Voronej oblastlari gubernatorlari ham tungi dronlar hujumi haqida xabar bergan. Kiyev odatda Rossiya hududidagi yonilg‘i korxonalariga berilgan zarbalarga aloqadorligini rasman tasdiqlamaydi, ammo qat’iyan rad ham etmaydi.

Nijyegorod oblastidagi neftni qayta ishlash zavodi va Oryoldagi neftbaza

Nijyegorod oblastida dronlar «Lukoyl»ning Kstovo shahridagi neftni qayta ishlash zavodi hududiga qulagan. Nijniy Novgorod yaqinidagi bu hodisa haqida mahalliy nashrlar va TASS agentligi xabar berdi.

Nijyegorod neftni qayta ishlash zavodi hududi
Foto: Roman Yarovitsin, Kommersant’

Keyinroq TASS Rossiyaning eng yirik neft kompaniyasi eslangan xabarini o‘chirib yubordi, gubernator Gleb Nikitin esa «yonilg‘i-energetika kompleksi obekti» formulirovkasini qo‘lladi va u yerdagi neftni qayta ishlash qurilmalaridan birida yong‘in boshlanganini ma’lum qildi.

Bu Kstovoga ilk bor dronlar uchib kelishi emas. 31 yanvar kuni RIA Novosti manbasi Kstov rayonida ikkita dron radioelektron kurash vositalari bilan zararsizlantirilgani haqida xabar bergandi. Dronlar avvalroq Nijyegorod oblastining Dzerjinsk shahriga ham hujum qilgandi, bu yerda kimyo sanoati korxonalari joylashgan.

Nijyegorod NQZ — Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri sanaladi.

Kstovodan Ukrainaning Kiyev nazorati ostidagi eng yaqin nuqtagacha to‘g‘ri chiziq bo‘yicha 800 km chiqadi (shu bilan birga, dronlar doim ham to‘g‘ri chiziq bo‘yicha uchmaydi). Agentlik manbasi o‘shanda ular Ryazan oblasti tomondan uchib kelgani, haddan tashqari past balandlikda uchgani (50 metr) va radioelektron kurash vositalari orqali ishdan chiqarilganini ma’lum qilgandi.

Oryolda esa dron neft bazaga kelib urilgan. Orlov oblasti gubernatori Andrey Klichkov ham uni «yonilg‘i-energetika kompleksi obekti» deb atagan va u qaysi kompaniyaga tegishli ekaniga oydinlik kiritmagan. Bu yerda neft saqlash omborining rezervuari yonib ketgan, olov 100 kvadrat metr maydonni qamrab olgan, uni o‘chirish uchun o‘nlab o‘t o‘chiruvchilar va o‘t o‘chirish poyezdi jalb etilgan.

Soat 10 dan keyin Klichkov telegramda «dronlarning tungi hujumi oqibatlari» bartaraf etilgani, shahardagi «tutun tarqashi» hech qanday xavf tug‘dirmasligi va bu «o‘t o‘chiruvchilar faoliyati oqibati» ekanini bildirdi.

Oryol shahri meri Yuriy Paraxin rasmiylar yonilg‘i obekti atrofida joylashgan ikkita ko‘p qavatli uydan 17 kishi evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan.

Moskva meri Sergey Sobyanin 12 martga o‘tar kechasi Moskvaga uchib kelayotgan dron urib tushirilgani haqida xabar bergan. «Bugun havo hujumidan mudofaa kuchlari Ramensk shahar okrugida Moskva yo‘nalishidagi dronni urib tushirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parchalar tushgan joyda vayrongarchiliklar va jabrlanganlar qayd etilmagan», — deya yozgan Sobyanin.

Ramenskiy okrugi Moskvadan janubi-sharqda joylashgan.

Moskvaga oxirgi bor dronlar hujumi qariyb ikki oy muqaddam — 17 yanvar kuni kuzatilgandi.

Oldingi hujumlar

Joriy yilda Rossiyaning yonilg‘i-energetika obektlariga hujumlar soni oshdi. Dronlar Leningrad oblasti va Peterburgdagi yoqilg‘i terminallariga, shuningdek  «Rosnefti»ning Tuapsedagi zavodiga va boshqa muhim infratuzilma obektlariga qadar yetib kelgan.

24 fevralga o‘tar kechasi amalga oshirilgan havo hujumidan so‘ng Rossiyadagi eng yirik po‘lat zavodi — Novolipetsk metallurgiya kombinatida yong‘in chiqqan.

O‘tgan haftada, 7 mart kuni, mahalliy rasmiylar «noma’lum uchuvchisiz uchar apparat kelib urilishi» oqibatida «Severstal»ga tegishli bo‘lgan Cherepovetskiy metallurgiya kombinatida «cho‘yan eritish pechida texnologik hodisa» ro‘y berganini ma’lum qilishdi. Bu Rossiyadagi ikkinchi eng yirik po‘lat zavodi hisoblanadi.

Bir kun oldin esa Kursk oblastida Mixaylovskiy kon-boyitish kombinati (Rossiyadagi ikkinchi eng yirik shunday korxona) dronlar hujumiga uchragani, buning oqibatida yonilg‘i saqlanayotgan rezervuarlar yonib ketgani xabar qilingandi. Ukrain manbalari o‘z manbasiga tayanib, Mixaylovskiy kombinatiga hujum Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi o‘tkazgan amaliyot bo‘lganini yozishdi.

Hozirda Ukraina tomoni Rossiyaning to‘qqiz hududi bo‘ylab dronlarning yopirilma hujumi yuzasidan izoh bermayapti. Rossiya ham har kuni Ukraina bo‘ylab o‘nlab dronlar orqali hujumlar uyushtirib keladi.

Chegaradagi vaziyat

Avvalroq dronlarning tungi hujumi va aholi yashash manzillari o‘qqa tutilgani to‘g‘risida xabar bergan Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov kun o‘rtalarida Belgorodda Rosgvardiya xodimlari yana bir dronni o‘qotar quroldan urib tushirganini ma’lum qildi va bu orqali shahar hududida ko‘cha janglari ketayotgani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

Bu vaqtda Kursk oblasti gubernatori Roman Starovoyt Ukraina qurolli kuchlari Tetkino posyolkasini o‘qqa tutayotgani haqida xabar berdi. Avvalroq rossiyalik harbiy blogerlar Ukraina hududidan kirib kelgan diversantlar Kursk (Tetkino hududida) va Belgorod oblastida chegarani kesib o‘tganini xabar qilgandi.

Starovoytning so‘zlariga ko‘ra, «diversiya-razvedka guruhlari yorib kirishga urinmoqda, o‘qotar qurollar janggi bo‘lib o‘tmoqda, ammo hech qanday yorib o‘tish yo‘q».

Keyinroq FXX ushbu ikki region hududida davlat chegaralarini buzib o‘tish maqsadidagi bir necha urinishlar kuzatilganini ma’lum qildi. Rossiya maxsus xizmatlari dushman tuzilmalari katta yo‘qotishlarga uchraganini bildirgan.

RF mudofaa vazirligi esa o‘z press-relizida tungi soat uchlar atrofida chegarani kesib o‘tishga birinchi urinish kuzatilgani, ertalabki soat sakkizdan keyin esa Tetkino hududida chegarani buzib o‘tishga uringan yana to‘rt guruh hujumi qaytarilgani haqida ma’lum qildi.

Ukraina hukumati bu bayonotlarga munosabat bildirmagan. Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi esa Rossiya hududiga hujum qilgan guruhlar Rossiya fuqarolaridan tarkib topganini eslatib o‘tgan.

Mavzuga oid