Jahon | 13:43 / 13.03.2024
7559
2 daqiqa o‘qiladi

Litvada Rossiya davlat raqamiga ega birinchi avtomobil ushlandi

Myadininkay nazorat-o‘tkazish punktida rossiyalik ayolga tegishli qiymati 40 ming yevrodan ortiq bo‘lgan Audi Q7 ushlandi. Moldova fuqarosi bo‘lgan haydovchi Belarusga ketayotgan bo‘lib, yangi qoidalar haqida bilmagan.

Foto: Litva Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Bojxona boshqarmasi

Litva bojxonachilari Rossiya davlat raqamlariga ega bo‘lgan avtomobillar uchun taqiq joriy qilinganidan beri birinchi marta mashinani ushladi. 12 mart, seshanba kuni Myadininkay nazorat-o‘tkazish punktida Rossiya raqamlariga ega Audi Q7 to‘xtatib qolindi, deb xabar bermoqda Delfi portali. 

Mashina Ukraina ehtiyojlari uchun topshiriladi 

Moldova fuqarosi avtomashinani Litvadan Belarusga haydab ketayotgan edi, erkak mashinada yolg‘iz bo‘lgan, biroq keyinroq ma’lum bo‘lishicha, avtomobil egasi Rossiya fuqarosi hisoblangan. Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, u yangi qoidalardan bexabar bo‘lgan. Qiymati 41 690 yevro bo‘lgan avtomashina ushlanib, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzildi. Endi haydovchi jarimaga tortiladi va avtomobili musodara qilinadi, u katta ehtimol bilan Ukraina ehtiyojlari uchun o‘tkaziladi, deb yozadi Delfi. 

Myadininkay nazorat-o‘tkazish punktida Rossiya davlat raqamlariga ega bo‘lgan birinchi avtomobil ushlangani haqidagi ma’lumotni Litva bojxona boshqarmasi matbuot xizmati ham tasdiqladi. 

Litva Rossiya raqamlariga ega avtomobillar musodara qilinishi haqida ogohlantirdi 

Mart oyi boshida Vilnyus Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarini keltirib, 11 martdan boshlab Rossiya raqamlariga ega avtomobillar musodara qilinishi haqida ogohlantirgan edi. 2023 yil sentabr oyidan boshlab Litva, Latviya va Estoniyada Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillarni olib kirish taqiqlangan. Haydovchi Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan cheklovlardan bexabar ekanini aytdi. 

Litva rasmiylariga ko‘ra, 11 martgacha mamlakatda ro‘yxatdan o‘tkazish yoki hududni tark etish to‘g‘risidagi rasmiy ko‘rsatmalariga qaramay, Rossiya davlat raqamlariga ega o‘nlab avtomobillar hamon mamlakatda qolmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid