O‘zbekiston | 20:17 / 13.03.2024
12192
4 daqiqa o‘qiladi

SSV: Biologik faol qo‘shimchalar davolovchi xususiyatga ega emas

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda turli kasalliklarni davolashi aytilayotgan biologik faol qo‘shimchalar va tabiiy giyohlarning reklamasi keng tarqalayotganiga e’tibor qaratib, biologik faol qo‘shimchalar davolovchi xususiyatga ega emasligini eslatdi.

«Xususan, yaqinda ozish uchun mo‘ljallangan, realizatsiya qilish va saqlash taqiqlangan mahsulotlarning ro‘yxati e’lon qilingan edi.

So‘nggi paytlarda esa internet tarmog‘ida qandli diabet va uning asoratlaridan xalos etishi va’da qilinayotgan biologik faol qo‘shimchalarning reklamasi avj olyapti», deyiladi xabarda. 

— Diabetning ikki turi mavjud bo‘lib, birinchisi, organizmda insulin yetarli darajada ishlab chiqarilmasligi, ikkinchisi esa hujayralarning insulinga sezuvchanligi pasayishi natijasida paydo bo‘ladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Sevara Faxrutdinova.
 
— Qandli diabetga chalingan insonlarga asosan insulinoterapiya, ayrim hollarda vitaminoterapiya tayinlanishi mumkin.

Qolaversa, bunday bemorlar sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi, jismonan faol bo‘lishi va qonda qand miqdorini kamaytiruvchi dorilarni muntazam qabul qilishi lozim. 

Diabetning ikki turini ham davolash jarayoni kompleks yondashuvni talab etib, u biologik faol qo‘shimchalar yordamida olib borilmaydi.  

Umuman olganda, biologik faol qo‘shimchalar inson organizmining fiziologik holati barqaror bo‘lmagan hollarda uning funksional faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular hech qanday davolovchi xususiyatga ega emas. 

Shifokorlik amaliyotida biologik faol qo‘shimchalarning «mo‘jizaviy» ta’siriga ishonib, an’anaviy davolash usullaridan voz kechgan, ya’ni insulin qabul qilishni to‘xtatgan ayrim bemorlarda bir necha kun ichida keton tanachalari paydo bo‘lishi va qand miqdori o‘ta yuqorilab ketishi holatlari kuzatilgan. Oqibatda bemor giperglekemik koma holatiga tushib qolishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan biologik faol qo‘shimchalar qandli diabetga chalingan bemorlarni davolashda samara bermasligi bilan bir qatorda, salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. 

Qolaversa, bunday mahsulotlar reklamasida O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi qonunining ayrim bandlari talablari buzilishi holatlari kuzatilmoqda. 

Xususan, mazkur qonunning 35-moddasiga muvofiq ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasi:

  • ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;
  • ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganiga, ularning ahvoli yaxshilanganiga doir muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;
  • ularning qo‘llangani munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini o‘z ichiga olmasligi;
  • sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi kerak. 

«Shunday ekan, turli biologik faol qo‘shimchalarni qabul qilishdan avval, albatta, shifokor bilan maslahatlashing», deya ogohlantiradi vazirlik.

Mavzuga oid