Sport | 12:26 / 13.03.2024
31015
14 daqiqa o‘qiladi

«Barsa» o‘smirlar bilan amalladi, «Arsenal»da dramatik g‘alaba. YeChLda kun o‘yinlari

Chempionlar ligasi chorak finalida o‘ynaydigan 8 jamoadan 6 tasi ma’lum. «Bavariya», «PSJ», «Real», «Siti» jamoalariga «Barselona» va «Arsenal qo‘shildi». 

«Barselona» o‘tgan mavsum yarimfinalchisini turnirdan chiqarib yubordi

Foto: PEDRO SALADO/GETTY IMAGES

«Barselona» — «Napoli» 3:1
Gollar:
Lopes (15), Kanselu (17), Levandovski (83) — Rrahmani (30).
«Barselona» – ter Stegen, Kunde, Arauxo, Kubarsi, Kanselu, Kristensen (Romeu, 61), Gundo‘g‘an, Fermin Lopes (Serxi Roberto, 60), Rafinya (Feliks, 81), Yamal, Levandovski.
«Napoli» – Meret, Di Lorenso, Jyezus, Rrahmani, Mariu Ruy (Olivera, 64), Lobotka, Zambo-Angissa, Traore (Raspadori, 78), Politano (Lindstrem, 64), Kvaratsxeliya (Ngonj, 90+3), Osimhen
Ogohlantirishlar: Kristensen (19), Yamal (44), Jyezus (45), Traore (63), Olivera (67).
Birinchi o‘yin — 1:1.

«Barsa» – Yevropaning top-8 jamoalari qatorida. Ispaniyaning amaldagi chempionlari Italiyaning amaldagi chempionlari darvozasiga uchta gol urdi va Chempionlar ligasidagi kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.

«Barselona» YeChL pley-offida bir vaqtning o‘zida 18 yoshdan kichik bo‘lgan ikki futbolchini boshlang‘ich tarkibda tushirgan ilk jamoaga aylandi. Xavi 17 yoshli markaziy himoyachi Kubarsi va 16 yoshli vinger Yamalni ilk daqiqalardan o‘ynatdi. Lamin uchun «Napoli»ga qarshi o‘yin – YeChLdagi sakkizinchisi bo‘ldi, bu yoshdagi futbolchilar asosiy yevrokubokda ko‘pi bilan to‘rt o‘yin o‘tkazgan. Kubarsi uchun esa bu turnirdagi debyutga aylandi. Bundan tashqari, Frenki de Yong va Pedrining jarohati tufayli 20 yoshli Fermin Lopes asosiy tarkib futbolchisiga aylanmoqda.

«Barselona»ning porlayotgan yosh yulduzlari ilk daqiqalardanoq diqqat markazida turdi. Kubarsi jamoasi jarima maydoni ichida Osimhendan to‘pni olib qo‘yib xavfni bartaraf etgan bo‘lsa, Yamal o‘yindagi ilk xavfli zarba muallifi bo‘ldi. Umuman olganda, intensiv va tomoshabop kechdi. Jamoalar raqibni shunchaki pozitsion mudofaada kutmasdan, bir-birini ancha oldinroqda qarshi olishdi va pressing bilan xatolarga majbur qilishdi. O‘zini haddan tashqari erkin his qilmasligi uchun Yamalni bir necha bor yiqitishdi, niderlandiyalik hakam Makkeli esa o‘ynashga qo‘yib berdi.

«Napoli» himoyachilar ortiga uzatmalar orqali Osimhenni oldinga boshlashga urg‘u qaratdi (nigeriyalik forvard ko‘pincha ofsaydda qolib ketdi), Xavi jamoasi ham shunday quroldan foydalandi. Shunday hujumlardan birida Fermin Kubarsining qoyilmaqom pasidan keyin yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo vaziyatdan foydalana olmadi. Ammo ushbu yarimhimoyachi bir necha daqiqa o‘tib xatosini tuzatdi. «Barselona» to‘pga egalik qilayotganida uch himoyachi orqada qoldi, Yamal va Kanselu esa qanotlarni kengaytirdi. Golli hujumni maksimal darajada qanot chizig‘iga yaqin holatda ochilgan portugaliyalik futbolchini to‘p bilan ta’minlagan Kubarsi boshlab berdi, shundan keyin Kanselu Rafinyani oldinga boshladi, braziliyalik hujumchi esa raqib jarima maydoni markazida bo‘sh qoldirilgan Ferminni topdi. Chiroyli kombinatsiya to‘pga bir teginishda gol bilan yakunlandi.

«Napoli» o‘tkazib yuborilgan goldan o‘ziga kelib ulgurmasidan kataloniyaliklar ikkinchisini ham urishdi. Yamal tomonidan rivojlantirilgan tezkor qarshi hujum davomida Rafinyaning zarbasi ustundan qaytdi, qaytgan to‘pga esa Kanselu yetib keldi.

Bu daqiqalarda mehmonlar parokanda bo‘lib ketgandek va o‘yinni jangsiz boy beradigandek ko‘rinayotgandi. Lekin «Napoli» o‘yinga qaytishga o‘zida kuch topa oldi. Ikkinchi goldan ko‘p o‘tmay italiyaliklar himoyachilari o‘zini ko‘rsatishdi. Rrahmani kataloniyaliklarning birinchi golini eslatib yuboradigan javob golini urdi, keyin esa shu kuni yevrokuboklardagi 100-o‘yinini o‘tkazayotgan ter Shtegen Di Lorensoning ayyorona zarbasini to‘sin ostidan qaytarib yubordi.

Barcha muammolariga qaramay, «Barsa» va «Napoli» birgalikda YeChL 1/8 finalidagi eng yorqin o‘yinni namoyish etishdi. Birinchi bo‘lim davomida jamoalar darvozalar sari jami 18 bor zarba berishdi (mezbonlar foydasiga 12:6). Ikkinchi bo‘lim ham birinchisidan qolishmadi. Kvaratsxeliya tashabbusni qo‘lga olib yo‘llagan xavfli zarba darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi, mezbonlar jarima maydonidagi vahimadan foydalangan Zambo-Angissaning zarbasi himoyachilardan qaytdi, Meret Rafinya va Levandovskining hujumlaridan keyin seyvlar namoyish etdi, Yamalning goli ofsayd tufayli bekor qilindi, Osimhen Kubarsi bilan kontaktdan keyin yiqilib 11 metrlik jarima zarbasi so‘radi, hakam esa u zarbadan emas, o‘z tashabbusi bilan yiqilgan deb topdi...

Ikkinchi bo‘limdagi yuqori darajadagi faollik baribir «Napoli»ga gol keltirmadi. Keyin esa Xavi almashtirishlar qilib, o‘yinni biroz tinchlantirdi – Serxi Roberto va Romeu kabi tajribali futbolchilar maydonga tushdi. 

«Napoli»da bu o‘yinda ham, ikki uchrashuv yakuniga ko‘ra ham hisobni tenglashtirish uchun yaqqol vaziyat bo‘ldi, ammo Lindstryomning darvozabon hududidan turib bosh bilan yo‘llagan zarbasi xato ketdi. Kataloniyaliklar esa darhol o‘yinga nuqta qo‘ydi. Gundo‘g‘an va Roberto «Barselona»ning eng yaxshi damlarini yodga solib, Levandovskini bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarishdi. Ko‘k-anorranglilar jamoasi Xavi mavsum yakunida ketishini e’lon qilganidan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti.

«Arsenal» 14 yil ichida ilk bor YeChL 1/4 finaliga chiqdi

Foto: JULIAN FINNEY/GETTY IMAGES

«Arsenal» — «Portu» 1:0
Penaltilar seriyasi — 4:2.
Gol:
Trossar (41). 
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Kiver (Zinchenko, 106), Jorjinio (Jyezus, 83), Edegor, Rays, Haverts, Trossar (Nketia, 106), Saka.
«Portu» – Koshta, Joau Mariu (Sanches, 86), Pepe, Otavio, Vendell, Niko Gonsales (Eushtakiu, 101), Varela (Gruyich, 90), Pepe Akino, Galeno, Konseysau (Borjyesh, 101), Evanilson (Torimiy, 88).
Ogohlantirishlar: Saliba (39), Pepe (73), Haverts (116).
Birinchi o‘yin — 0:1.

«Arsenal» Chempionlar ligasi 1/8 finali javob uchrashuvi oldidan qiyin holatda edi. Portugaliyadagi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida o‘tkazib yuborilgan gol tufayli keyingi bosqichga yo‘l olish uchun bitta gol urish ham yetarli bo‘lmasligi mumkin edi. Lekin Mikel Arteta jamoasi favoritligicha qoldi – APLning birinchi o‘rindagi klubi Portugaliyaning uchinchi klubidan mag‘lub bo‘lib turnirni tark etishi sensatsiyaga aylanardi.

Ilk 10 daqiqalikda o‘yin nisbatan teng kechdi, keyin esa «Arsenal» mehmonlar darvozasiga bosimni oshirdi va zarbalar bera boshladi. Natijada noyob statistika yuzaga keldi: londonliklar birinchi bo‘limda yo‘llagan yetti zarbaning barchasi jarima maydoni ichkarisidan yo‘llandi.

Mezbonlar agar birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborilsa 1/4 finalga chiqish vazifasi haddan tashqari qiyinlashib ketishini bilib turishardi. Shu tufayli «Portu» hujumlari boshlang‘ich bosqichidayoq to‘xtatildi. Birinchi bo‘limdagi yagona sariq kartochka ham raqib hududida ishlatilgan fol uchun Vilyam Salibaga ko‘rsatildi. Umuman olganda, «Portu» futbolchilari ko‘p vaziyatlarda gazonga yotib olaverdi. Jamoalarning birinchi o‘yinida bo‘lgani kabi vaqt cho‘zishga harakat qilindi. Ammo «Arsenal» birinchi bo‘lim oxirida baribir hisobni ochdi.

Londonliklarning navbatdagi hujumida jamoa sardori Martin Edegor uch himoyachi orasidan kesib o‘tuvchi pas uzatdi. Chap qanotdan yorib kirgan Leandro Trossar esa olis burchakni aniq nishonga oldi.

To‘p 41 yoshida YeChL tarixidagi eng keksa futbolchiga aylangan, Artetaning tengdoshi bo‘lgan Pepening oyoqlari orasidan o‘tdi.

Bo‘limning qolgan vaqti tinch kechdi, ikkinchi bo‘limda esa «Arsenal» yana tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Uzoq davom etgan hujumdan keyin Deklan Rays xavfli zarba berdi. Bunga javoban «Portu» jarima zarbasi ishladi, ammo Fransishku Konseysau yaxshi pozitsiyadan turib to‘pni tribuna tomon tepdi. 67-daqiqada «Arsenal» baribir ikkinchi golni urgandi, ammo bosh hakam Kleman Tyurpen Kay Havers tomonidan ishlatilgan fol tufayli Edegorning goli inobatga olinmadi. Germaniyalik futbolchi Pepening futbolkasidan ushlab qolgandi.

Asosiy vaqtning so‘nggi qismini ham «Arsenal» hujumda o‘tkazdi. Gabriel Jyezus 83-daqiqada maydonga tushdi va to‘pga ilk teginishdayoq gol urishi mumkin edi. Keyin Edegor qulay pozitsiyadan xavfli zarba yo‘lladi, ammo to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi. Ketma-ket burchak zarbalari ham natijasiz tugadi va o‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tdi.

Birinchi overtaymdagi yagona zarba mehmonlar tomonidan yo‘llandi – zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Mehdi Torimiy mo‘ljalda adashdi. Ikkinchi overtaymda esa Bukayo Saka qulay pozitsiyaga chiqib bordi, ammo so‘nggi daqiqada himoyachi xavfni bartaraf etdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda «Portu»ning uzatmalari aniqligi atigi 59 foizni tashkil etdi, bu esa mehmonlar to‘pni shunchaki uzoqlashtirish bilan band bo‘lganini ko‘rsatadi. Ular nima qilib bo‘lmasin o‘yinni penaltilar seriyasigacha olib borishdi. Ammo futbol lotoreyasida londonliklar darvozaboni David Rayya qahramonlik ko‘rsatib, Vendell va Galenoning zarbalarini qaytardi.

Holbuki u bungacha faoliyatida faqat to‘rt bor penalti qaytargan, 32 zarbani o‘tkazib yuborgandi. 11 metrlik zarbalar bo‘yicha mutaxassis sanalgan Diogu Koshta esa seriyada birorta zarbani to‘sa olmadi.

Londonliklar birato‘la bir qancha qayg‘uli seriyalarga barham berdi:

● «Arsenal» 2009/10 yillar mavsumidan buyon ilk bor YeChL chorakfinaliga chiqdi: o‘shanda ham «Portu» to‘sig‘idan o‘tilgan, safardagi 1:2 hisobidagi mag‘lubiyatga Londonda 5:0 bilan javob qaytarilgandi. Ammo keyingi bosqichda «Barsa»ga duch kelingan – ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra 3:6 hisobi qayd etilgan. Keyin – jamoa qatorasiga sakkiz mavsum davomida turnirni 1/8 finalda tark etadi.

● Londonliklar Chempionlar ligasi pley-offida oxirgi olti o‘yinida ilk bor g‘alabaga erishdi. 2016 yilda «Barselona» bilan 0:2, 1:3 hisoblari qayd etilgan, 2017 yilda «Bavariya»ga ikki o‘yinda ham 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lingan, bu mavsum esa «Portu»ga qarshi birinchi o‘yin 0:1 hisobida boy berilgandi.

● «Arsenal» 2003/04 yillar mavsumidan buyon (o‘shanda YeChLda 1/8 final bosqichi paydo bo‘lgandi) nimchorak final o‘yinlarida 14 bor mag‘lub bo‘lib, to‘qqiz bor turnirni shu bosqichda tark etgan. Ushbu noxush seriyaga ham barham berildi.

● «Arsenal»ning bu mavsumdagi formasi yuqori darajada: 10 o‘yindan 9 tasida g‘alaba, APLda qatorasiga sakkiz o‘yinda g‘alaba, to‘plar nisbati 33:4. Besh bor raqiblar yirik hisobda tor-mor etildi. «Portu»ga qarshi birinchi o‘yinda yanvar oyi boshidan buyon ilk bor mag‘lub bo‘lingandi, ammo jamoa ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra vaziyatni o‘z foydasiga hal etdi.

● Artetaning yevrokuboklardagi statistikasi – 32 o‘yindan 20 g‘alaba, lekin bundan aksar qismi Yevropa Ligasida qo‘lga kiritilgan. Shu bilan birga, «Arsenal» ustozi pley-off o‘yinlarida atigi uch bor g‘alaba qozongan: «Portu»ga qarshi shu o‘yin, 2020/21 yillar mavsumida «Olimpiakos» (3:1) va «Slaviya» (4:0) ustidan g‘alabalar.

Shu tariqa, «Arsenal» chorakfinalga chiqqan oltinchi jamoaga aylandi. Chorshanba oqshomida «Atletiko» – «Inter» (birinchi o‘yin 0:1) va «Borussiya» D – PSV (birinchi o‘yin 1:1) juftliklari keyingi ikki jamoani aniqlab beradi. Chorakfinal uchun (va o‘z-o‘zidan yarimfinal uchun ham) qur’a tashlash marosimi 15 mart kuniga belgilangan.

Mavzuga oid