O‘zbekiston | 14:54 / 19.03.2024
9295
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Yoshlar bog‘iga prezident ishtirokida ilk ko‘chatlar ekildi

75 gektardan ortiq maydonni egallaydigan va Toshkentda hududi jihatidan ikkinchi yirigi bo‘ladigan boqqa birinchi bosqichda ming tupdan ziyod kashtan, eman, sharqiy chinor, qizil kurtak, magnoliya, gujum kabi manzarali daraxtlar hamda buta va gullar ekiladi. Loyiha yakuniga qadar ularning soni 20 ming tupga yetadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Sergeli tumanida tashkil etilayotgan Yoshlar bog‘iga ko‘chat o‘tqazdi.

Prezident tashabbusi bilan 2021 yildan buyon «Yashil makon» umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Jumladan, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida Toshkentning «yashil belbog‘i» tashkil etilmoqda. Yoshlar bog‘i shu halqaning muhim bo‘g‘ini bo‘ladi.

Davlat rahbariga bog‘ loyihasi haqida axborot berildi. Uning maydoni 75 gektardan ziyod bo‘lib, hududi jihatidan poytaxtda «Yangi O‘zbekiston» bog‘idan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. 

Bog‘ yettita katta hududga bo‘linadi. Markaziy xiyobonda turli maydonlar, ming o‘rinli ochiq amfiteatr, milliy va xalqaro gastronomik zonalar barpo etiladi.

Ochiq havoda ovqatlanish va qiziqarli mashg‘ulotlar uchun alohida joylar bo‘ladi. Musiqiy favvoralar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, san’at ko‘rgazmalari va lazer-shou imkoniyatlari yaratiladi. Bolalar uchun sport va o‘yin maydonlari, mashhur ertaklardagi qishloqlar, ustaxona, kutubxona tashkil etiladi. Sun’iy ko‘l, kanoe va suzish havzasi, baliq ovi dam oluvchilarga huzurbaxsh bo‘ladi.

19 mart kuni Toshkent shahri jamoatchiligi, davlat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari, yoshlar ishtirokida boqqa ko‘chatlar ekildi.

Prezident bog‘ loyihasida qatnashayotgan investor va loyihachilar, chet ellik diplomatlar bilan muloqot qildi.

- Xalqimiz qayerda bo‘lsa, daraxt ekishga intilgan. Amir Temur Samarqand atrofida so‘lim bog‘lar barpo etgan, boshqa shaharlarni ham obod qilgan. Buyuk bobolarimizga munosib bo‘lib, bu ishlarni qilyapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari boqqa kelgan yurtdoshlar bilan suhbatlashib, ularni Navro‘z bilan tabrikladi. 

Boqqa birinchi bosqichda ming tupdan ziyod kashtan, eman, sharqiy chinor, qizil kurtak, magnoliya, gujum kabi manzarali daraxtlar hamda buta va gullar ekiladi. Loyiha yakuniga qadar ularning soni 20 ming tupga yetadi.

Yana bir e’tiborli tomoni, bu bog‘da tabiiylik, o‘rmon shakli, ekzotik manzara hosil qilinadi. Bog‘ foydalanishga topshirilishi bilan 350 tadan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Ayni kunlarda ham hududlarda ko‘chatlar ekilmoqda. Umuman, mamlakat bo‘ylab 347 gektar maydonda «yashil hudud», 187 ta vazirlik va hokimlik bog‘lari barpo etilgan.

Mavzuga oid