O‘zbekiston | 10:12 / 21.03.2024
3711
2 daqiqa o‘qiladi

6 yilda metrodan foydalangan yo‘lovchilar soni 162 mln kishiga yetdi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2017-2023 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda yo‘lovchilarni tashish sohasida ro‘y bergan o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Foto: Kun.uz

Tahlil 2017-2023 yillar oralig‘ida mamlakatda yo‘lovchilarni tashish va yo‘lovchi aylanmasida sezilarli o‘sish bo‘lganligini ko‘rsatdi. 2017 yilda barcha transport vositalari orqali 5 679,0 mln kishi o‘z manziliga yetkazilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich salkam 6 452,0 mln kishini tashkil etdi. Yo‘lovchi aylanmasi esa 130,0 mlrd yo‘lovchi-kmdan 152,7 mlrd yo‘lovchi-kmga oshgan.

2023 yilda yo‘lovchi tashishda avtomobil transportining ulushi 97,2 foizni tashkil qilgan. Agar 2017 yilda 5 591,3 mln kishi manzilga yetkazilgan bo‘lsa, 2023 yilda ularning soni 6 270,2 mln kishini tashkil qilgan. Avtomobil transportida yo‘lovchi aylanmasi mos ravishda ortib, 117,7 mlrd yo‘lovchi-kmdan 133,8 mlrd yo‘lovchi-kmga yetgan.

2017-2023 yillarda metropolitendan foydalangan yo‘lovchilar soni 2,6 marotaba oshgan va 61,6 mln kishidan 162,7 mln kishiga yetgan. Mutanosib ravishda yo‘lovchi aylanmasi ham 459,1 mln yo‘lovchi-kmdan 1 186,4 mln yo‘lovchi-kmga ko‘paygan.

Havo transporti vositasida tashilgan yo‘lovchilar ham mazkur davr mobaynida 2,4 barobar oshgan va 2,2 mln kishidan 5,3 mln kishiga yetgan.  Yo‘lovchi aylanmasi 7,5 mlrd yo‘lovchi-kmdan 13,8 mlrd yo‘lovchi-kmga ortgan.

Transport xizmatlari bozori va infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida «O‘zbekiston - 2030» strategiyasida bir qator tadbirlar belgilangan. Jumladan: yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari hajmini 3 barobar oshirish, aviaqatnovlar sonini 4 barobarga oshirish, shahar va tumanlarni jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olish, yangi avtobuslar sonini 5 mingtaga va elektrobuslar sonini 2 mingtaga yetkazish.

Mavzuga oid