Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilmalariga hujum qildi. Bu urush boshidan buyon eng keng ko‘lamlisi
Dnipro GES to‘g‘oniga zarba kelib tushgan, Xarkiv elektrsiz qolgan. Bu urush boshidan buyon Ukraina energiya tizimiga qilingan eng yirik hujum bo‘lgani aytilmoqda.
Rossiya armiyasi Ukrainaga navbatdagi yopirilma raketa zarbalarini yo‘lladi. 22 martga o‘tar kechasi butun mamlakat hududlari bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilingan.
Energetika vaziri German Galushenko rossiyaliklarning bu safargi zarbalarini so‘nggi vaqtlarda Ukraina energetika tizimiga qilingan eng keng ko‘lamli hujum deb atagan. «Maqsad — shunchaki shikastlantirish emas, balki o‘tgan yilda bo‘lgani kabi mamlakat energiya tizimi faoliyatida keng miqyosli uzilishlar keltirib chiqarishga urinishdir», — deya yozgan vazir feysbuk sahifasida.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, turli oblastlarda ishlab chiqarish inshootlari, elektr uzatish va tarqatish tizimlarida zarbalar va shikastlanishlar qayd etilgan. Qator regionlarda elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan.
Xarkivda RF harbiylari energetika infratuzilmalari bo‘ylab 15 dan ortiq zarbalar yo‘lladi, deya xabar qilgan oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. Shahar amalda to‘liq elektr va ichimlik suv ta’minotisiz qolgan.
Zaporijjyada rossiyalik harbiylar 12 ta raketa zarbasi bergan, deggan oblast ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yettita uy vayron bo‘lib, yana 35 tasi shikastlangan. Yaralanganlar bor.
Shuningdek, Zaporijjya AES faoliyati to‘xtash yoqasiga kelgan — hujum vaqtida okkupatsiya ostidagi AESni Ukraina energiya tizimi bilan birlashtirib turuvchi «Dneprovskaya» tashqi havo elektr uzatish liniyasi uzilgan.
Dnipropetrovsk oblastining Kriviy Rih shahrida dronlar va raketalarning birgalikdagi hujumi natijasida kritik infratuzilma obektlari shikastlangan, deb xabar qilgan shahar meri Oleksandr Vilkul. Shaharda avariyaviy o‘chirish jadvallari joriy etilgan. Shifoxonalar va boshqa muhim infratuzilma obektlarida generatorlar yoqilgan.
«Dnipro, Kriviy Rih, Pavlograd va Kamensk hududlarida energetika obektlari shikastlangan. Portlash to‘lqini uylarning oynalarini sindirib yuborgan. Svet va suv ta’minotida muammolar bor. O‘chirish jadvallari joriy qilinadi», — deya yozgan Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak.
Z-kanallar ham DniproGES bo‘ylab zarba haqida xabar berishgan. Okkupatsiya ostidagi Mariupol shahrining Ukraina tomonidan tayinlangan qonuniy meri Petro Andryushenkoning ma’lum qilishicha, Rossiya raketasi Dnipro GES to‘g‘oni bo‘ylab harakatlangan trolleybusga kelib urilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, trolleybusda ishga ketayotgan tinch aholi vakillari bo‘lgan. Andryushenko zarba oqibatlari aks etgan fotoni namoyish etgan. GES hududida harakat to‘xtatilgan.
«Ukrgidroenergo» xabariga ko‘ra, zarba gidrotexnik inshootlar va Dnipro GES to‘g‘oniga berilgan. Stansiyada yong‘in chiqqan. «Suv toshib chiqishi xavfi yo‘q. Stansiya to‘g‘onidagi vaziyat nazorat ostida», — deyiladi idora xabarida.
Sumi oblastida energiya tizimi obektlariga zarbalar oqibatida Sumi, Konotop va Shostkinskiy rayonlarida elektr jadval bo‘yicha o‘chirilmoqda.
Shuningdek, Vinnitsa, Lviv, Ivano-Frankovsk, Mikolayiv oblastlarida ham muhim infratuzilma obektlariga zarbalar kelib tushgan.
Xmelnitskiyda rossiyaliklar zarbasidan keyin infratuzilma obektlari va turar joylar shikastlangan, tinch aholi orasida qurbonlar va jabrlanganlar bor, deya xabar bergan shahar meri Oleksandr Simchishin.
Poltava oblastida raketa parchalari Mirgorod rayonidagi uchta xususiy uy tomiga shikast yetkazgan, jarohat olganlar yo‘q. Regionda nimstansiyalar profilaktik o‘chirilib, aholiga elektr ta’minotida cheklovlar kiritilgan.
Shuningdek, Kirovograd oblastida ham Ukraina energiya tizimida balansni saqlash uchun avariyaviy o‘chirishlar joriy etilgan. Regionda kritik infratuzilma obektlarida shikastlanish va faoliyati to‘xtatilishi qayd etilmagan.
Volodimir Zelenskiy Rossiya qo‘shini tunda Ukraina regionlari bo‘ylab 60 dan ortiq dron va turli tipdagi 90 ga yaqin raketa uchirganini ma’lum qildi.
«Dunyo Rossiya terrorchilarining maqsadini maksimal darajada aniq ko‘rib turibdi: elektr stansiyalar va energiya yetkazib berish liniyalari, GES to‘g‘oni, oddiy uylar, hatto trolleybus. Rossiya odamlarning kundalik hayotiga qarshi jang qilmoqda», — deya yozgan Ukraina prezidenti telegramda.
«Rossiya raketalarida bizning davlatga yordam paketlaridagi kabi to‘xtalishlar yo‘q. «Shahid»larda ayrim siyosatchilardagi kabi qat’iyatsizlik yo‘q. To‘xtalishlar va kechiktirilgan qarorlarning qiymatini tushunish lozim. «Petriot» tizimlari Xarkiv va Zaporijjyani himoya qilishi kerak, odamlar, infratuzilmalar, uylar va to‘g‘onlarni himoya qilish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari darkor. Hamkorlar nima kerakligini aniq bilishadi. Yordam bera olishlari aniq. Shunday yechimlar kerak. Odamlar hayoti Moskvadagi johillardan g‘imoya qilinishi kerak», — deya davom etgan u.
Mavzuga oid
18:15 / 02.11.2024
Ramzon Qodirov Ukraina jangchilarini tiriklayin asirga olmaslik haqidagi buyrug‘ini bekor qildi
10:30 / 02.11.2024
AQSh Ukrainaga 425 mln dollarlik yangi yordam paketini taqdim etmoqda
08:40 / 02.11.2024
Zelenskiy: Ukraina Kursk AESni egallab olishi mumkin edi
19:38 / 01.11.2024