O‘zbekiston | 11:35 / 27.03.2024
55836
3 daqiqa o‘qiladi

Migratsiya agentligi Rossiyaga borayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ogohlantirdi

Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar ham ogohlikka chaqirilgan.

Foto: Yuriy Kochetkov / EPA / Scanpix / LETA

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaga borayotgan, ushbu mamlakatda bo‘lib turgan yoki chiqib ketayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqdi.

«Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida 22 mart kuni yuz bergan terakt sababli butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.

Shu munosabat bilan, Rossiyaga borayotgan, ushbu mamlakat hududida bo‘lib turgan yoki mamlakatdan chiqib ketayotgan yurtdoshlarimizdan ushbu xavfsizlik choralari talablarini inobatga olgan holda harakatlanishni so‘raymiz.

Xususan, shaxsni taqdiqlovchi va mamlakatda bo‘lish yoki ishlash huquqini beruvchi hujjatlarni o‘zlari bilan birga olib yurish, jamoat joylarga sababsiz bormaslik, notanish yoki shubhali insonlar bilan muloqotga kirishmaslik, telefon va boshqa qurilmalarda taqiqlangan foto, audio va video materiallarni saqlamaslik, safar rejalashtirilgan bo‘lsa, vokzal yoki aeroportga belgilangan vaqtdan oldinroq borish kabilar tavsiya qilinadi.

Yurtdoshlarimiz biror muammoga duch kelganda yoki o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollar bilan mamlakatimizning konsullik idoralari yoki Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasiga murojaat qilishi mumkin», deyiladi xabarda.

  • So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 22 mart kuni Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Holl» konsert zalida sodir etilgan terakt tufayli 139 kishi halok bo‘lib, yana 182 kishi jarohatlangan. «Krokus»ga hujum uchun javobgarlikni IShIDning «Xuroson viloyati» nomli bo‘limi o‘z zimmasiga olgan. Amerikalik rasmiylar terrorchilarning bayonoti haqiqiyligini tasdiqlagan.
  • Bundan oldinroq, Qirg‘iziston TIV mamlakat fuqarolarini, xususan Rossiyada avval bir necha marta ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan qirg‘izistonliklarni RFdagi qo‘shimcha xavfsizlik choralari va chegaradan o‘tkazishning kuchaytirilgan rejimi bekor qilinmaguncha bu mamlakatga bormay turishga chaqirgandi. Rossiyadagi qirg‘izistonliklardan odam ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslik so‘ralgan.

Mavzuga oid