O‘zbekiston | 17:53 / 28.03.2024
8321
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashish reytingi e’lon qilindi

Tog‘-kon vazirligi, Markaziy bank, Texnik tartibga solish agentligi, “O‘zkimyosanoat” va “O‘zbekneftgaz” korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 100 baldan 90 va undan yuqori ball to‘pladi. Surxondaryo va Andijon viloyat hokimliklari ketma-ket ikkinchi yil “qoniqarsiz” baho oldi. O‘zenergoinspeksiya, Kinematografiya agentligi va Suv xo‘jaligi inspeksiyasi 10 ball ham to‘play olmadi.

Foto: Kun.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligi reytingini e’lon qildi.

2023 yil natijalari bo‘yicha 95 ta davlat tashkiloti (shundan 36 tasi ilk marta, qolgan 59 tasi takroran) baholashdan o‘tkazilgan bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholandi.

42 ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” (81-100 ball), 38 ta tashkilot “qoniqarli” (55-80 ball) va 15 ta tashkilot “qoniqarsiz” (55 balldan past) toifalarga ajratildi.

“Natijalarining xolisligini ta’minlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirilib, ular tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining baholash natijalari mustaqil va xolis ko‘rib chiqildi va xulosalar taqdim qilindi”, – deyiladi agentlik axborotida.

“Qoniqarsiz” deb baholangan tashkilotlarda, jumladan, quyidagilar kuzatilgan:

  • ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va xaridlar jarayonida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va aniqlash bilan bog‘liq choralar amalga oshirilmagan;
  • korrupsiya haqida xabar berish bo‘yicha aloqa kanallari yo‘lga qo‘yilmagan;
  • ushbu yo‘nalishdagi hujjatlar ijro etilmagan;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etishga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.

Masalan, Surxondaryo va Andijon viloyat hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi ketma-ket ikki yil davomida “qoniqarsiz” baholandi. Andijon viloyat hokimligi tomonidan esa korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi shtat birligi xodim bilan jamlanmagan.

“Qoniqarli” deb topilgan davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ayrim masalalarga e’tiborsizlik bilan qaralgan, ular jumladan quyidagilar:

  • korrupsiyaviy xavf-xatarlar to‘g‘ri baholanmagani natijasida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari manzilli ishlab chiqilmagan va ijrosi to‘g‘ri tashkil etilmagan;
  • xodimlarni korrupsiyaga qarshi o‘qitish va ularda murosasiz munosabatni shakllantirishda yetarli ishlar amalga oshirilmagan;
  • belgilangan tadbirlar ijrosini nazorat qilish sohasida kamchiliklar mavjud.

“Yaxshi” deb topilgan 42 ta davlat tashkiloti faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan. Jumladan:

  • korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, natijalariga asosan manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ular samarali amalga oshirib kelingan;
  • manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, monitoring va nazorat tadbirlarini amalga oshirish, turli tanlovlar jarayonida korrupsiya omilini istisno qilish, xodimlar va aholini korrupsiyaga qarshi murosasiz ruhda tarbiyalashga oid tizimli choralar ko‘rilgan.

Ta’kidlanishicha, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Markaziy bank, “O‘zkimyosanoat” AJda birinchi rahbarlarning irodasi namoyon qilinib, xodimlar va keng jamoatchilik bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli muloqot yo‘lga qo‘yilgan.

“Baholash yakunlari bo‘yicha “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi. “Qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi.

“Qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosi ta’minlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida eshitib boriladi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Mavzuga oid