O‘zbekiston | 16:34 / 01.04.2024
13805
4 daqiqa o‘qiladi

“Tashabbusli budjet”: Ovozlar sonini sun’iy oshirish holatlari tekshirilmoqda

Ba’zi loyihalar uchun oxirgi uchta raqami bir xil bo‘lgan mobil raqam yoki raqamlardan ketma-ket juda ko‘p ovoz berilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu borada o‘rganish olib borilayotganini bildirdi. Kun.uz texnik kamchiliklar aniqlangan taqdirda bartaraf etilishi, bu kabi holatlar keng aholi tomonidan ijobiy qarshi olingan loyihaning kelajagiga soya solmasligi zarur deb hisoblaydi.

Foto: Kun.uz

“Tashabbusli budjet”ning 2024 yilgi 1-mavsumida berilgan ovozlar soni 31 mart kuni 11 milliondan oshdi. Ovoz berish jarayoni 4 aprel soat 23:59 gacha davom etadi, lekin ovozlarning yakuniy miqdorida aytarli o‘zgarish kutilmayapti – oxirgi kunlarga kelib, kunlik qo‘shilayotgan yangi ovozlar soni 100 mingtadan kamaygan.

G‘olib chiqqan tashabbuslarni moliyalashtirish uchun tuman (shahar) budjetlari hisobidan jami 3,02 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Loyiha fuqarolarga o‘z hududidagi muammolarni o‘zlari uyushgan holda hal etish va mahalliy budjet mablag‘lari taqsimotida bevosita ishtirok etish imkonini bergani bilan e’tirofga sazovor.

Bu yil jarayon tashkilotchisi – Iqtisodiyot va moliya vazirligi sim-karta sotib olgan holda ovoz to‘plash holatlariga barham berish uchun “Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyilini joriy etdi. Ya’ni bir fuqaroning nomida nechta sim-karta bo‘lishidan qat’i nazar, uning faqat birinchi bergan ovozi hisobga olinishi belgilandi.

Shunday bo‘lsa-da, Kun.uz'ga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, ayrim hududlarda ovoz to‘plashda qing‘irlik yo‘llaridan foydalanilgan bo‘lishi mumkin.

Xususan, Samarqand viloyati Paxtachi tumani “Chorgo‘sha” MFYga tegishli tashabbusga (elektr tarmoqlarini yangilash) e’tibor qaratsak. Bu yerda oxirgi uchta raqami 963 bilan tugaydigan mobil raqam yoki raqamlardan ketma-ket juda ko‘p marotaba ovoz berilgan.

Paxtachi tumani “Go‘ro‘g‘li” MFYga tegishli loyihaga (oilaviy shifokorlik punktini kapital ta’mirlash) ham oxiri 113 va 956 bo‘lgan telefon raqamlardan ko‘p marta ovoz yuborilgan.

Kun.uz bilan suhbatlashgan murojaatchilardan birining aytishicha, bu – xalq orasida “vozdux” qilish yoki “nakrutka” deb ataladigan usulning ish berayotgani bilan bog‘liq.

Natijada ayrim loyihalarda kechqurun 00:00 dan ertalab 06:00 gacha bo‘lgan paytda ham minglab ovozlar qo‘shilganini kuzatish mumkin.

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan ovoz to‘plab beruvchi “haker”lardan birining so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish boshlangan paytda 1000 ta ovoz 25-30 mln so‘mga baholangan, keyinroq narx-navo ikki barobargacha ko‘tarilgan.

Boshqa bir “haker” esa unda yetarlicha ovozlar qolmagani, lekin u tomonidan yordam berilgan loyihalar o‘z tumanida yetakchilik qilayotganini ma’lum qildi. Ushbu shaxslar qanday qilib ovoz to‘plab berishlariga aniqlik kiritmadi.

Shubhali tarzda ovozlar soni oshib borayotgan bir qancha loyihalar haqida Moliya va iqtisodiyot vazirligi vakillariga xabar berildi. Bu borada tegishli o‘rganish ishlari boshlangan.

Kun.uz “Tashabbusli budjet”ni amalga oshirishda texnik kamchiliklar borligi tasdiqlangan taqdirda bu kamchiliklar bartaraf etilishi va loyiha albatta davom ettirilishi lozim deb hisoblaydi.

Bunday texnik kamchiliklar va muhokamalarga sabab bo‘layotgan boshqa ayrim holatlar – soliq to‘lovchilarga o‘z soliqlaridan yig‘ilgan mablag‘lar qayerga ishlatilishini hal etishda bevosita ishtirok etish huquqini bergan loyihaning kelajagiga soya solmasligi zarur.

Mavzuga oid