Jahon | 08:01 / 02.04.2024
18222
4 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Eron Rossiyani ehtimoliy yirik terakt haqida ogohlantirgan

Tehron Moskvani «Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan bir necha kun oldin ekstremistlar tomonidan RFda tayyorlanayotgan hujum haqida ogohlantirgan.

Foto: Igor Ivanko/ Kommersant’

Eron Rossiyani «Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan bir necha kun oldin ekstremistlar tomonidan Rossiya Federatsiyasida tayyorlanayotgan yirik hujum haqida ogohlantirgan. Bu haqda Reuters 1 aprel, dushanba kuni uchta manbaga tayanib xabar berdi.

«Rossiyadagi hujumdan bir necha kun oldin Tehron Moskva bilan Rossiyada sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik terakt haqida Erondagi portlashlarga aloqadorlikda gumon qilinib, hibsga olinganlarni so‘roq qilish vaqtida olingan ma’lumotni bo‘lishdi», — deya manbalardan biridan iqtibos keltirgan Reuters agentligi. 

Boshqa agentlik suhbatdoshining aniqlik kiritishicha, Eron rejalashtirilayotgan terakt vaqti va joyi haqida aniq ma’lumot bermagan. «Ularga (IShID a’zolari) Rossiyada keng ko‘lamli operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish topshirilgan. Eronda qo‘lga olingan terrorchilardan biri guruhning ba’zi a’zolari allaqachon Rossiyaga jo‘nab ketganini aytdi», - deydi Reuters manbasi. 

«Eron ko‘p yillar davomida terrorchilik xurujlari qurboni bo‘lgani sababli, Eron hukumati hibsga olingan terrorchilardan olingan ma’lumotlar asosida Moskvani ogohlantirish majburiyatini bajardi», — deya tasdiqladi agentlikning uchinchi razvedka manbasi. 

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Tehron tomonidan uzatilgan ma’lumotlar haqida so‘ralganda, Reuters agentligiga «bu haqda hech narsa bilmasligini» aytdi. 

G‘arb davlatlari ham Kremlni terakt haqida ogohlantirgan

AQShning Rossiyadagi elchixonasi 7 mart kuni «ekstremistlar yaqin kelajakda Moskvada odamlar yig‘iladigan katta yig‘inlarga, jumladan, konsertlarga hujum qilishni rejalashtirayotgani» haqida xabar berib, o‘z fuqarolarini bunday joylarga bormaslikka chaqirdi. «Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan so‘ng, «FSB» direktori Aleksandr Bortnikov AQSh razvedka xizmatlari Rossiya tomonini yaqinlashib kelayotgan hujum haqida ogohlantirganini tan oldi, ammo bu o‘sha paytda tasdiqlanmagan «umumiy xarakterdagi ma’lumot» bo‘lganini aytdi. 

«Krokus»ga hujumdan uch kun oldin Rossiya rahbariyati Rossiyada teraktlar sodir etilishi ehtimoli haqidagi bayonotlarni «provokatsion» deb atadi. «Bularning barchasi ochiqdan-ochiq shantaj va jamiyatimizni qo‘rqitish va beqarorlashtirish niyatiga o‘xshaydi», dedi davlat rahbari «FSB» yig‘ilishida.

IShIDning Eron va Rossiyadagi terrorchilik hujumlari

Erondagi terakt 3 yanvar kuni Kirmon shahridagi masjid yaqinida sodir bo‘ldi, uning hududida Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) sobiq qo‘mondoni, 2020 yilda AQSh nishonga olgan zarbada o‘ldirilgan general Qosim Sulaymoniy dafn etilgan. Uning o‘limi to‘rt yilligi kunida ko‘p odamlar yig‘ilgan masjid yaqinida 15 daqiqalik interval bilan ikkita portlash sodir bo‘ldi. Hujum oqibatida 100 ga yaqin odam halok bo‘ldi. O‘shanda hujum uchun javobgarlikni IShIDning Afg‘onistondagi bo‘limi o‘z zimmasiga oldi. Ular Moskva viloyatidagi terakt uchun ham javobgarlikni zimmasiga olgan.

Moskva yaqinidagi Krasnogorskda «Krokus Siti Xoll» binosiga hujum 22 mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Qurollangan odamlar binoga bostirib kirib, avtomatlardan o‘t ochgan, bir necha portlashlar eshitilgan va yong‘in boshlangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 144 kishi halok bo‘lgan, yana 551 kishi jarohatlangan. Rossiya rahbariyati teraktga Ukrainaning aloqadorligi taxmin qilinmoqda. Kiyev, shuningdek, g‘arb davlatlari, jumladan AQSh va Germaniya bu ayblovlarni rad etadi.

Mavzuga oid