O‘zbekiston | 15:08 / 05.04.2024
13279
2 daqiqa o‘qiladi

“Tashabbusli budjet”da ovoz yig‘ishga majburlagan hokim o‘rinbosari jarimaga tortildi

Qiziltepa tumani hokimi o‘rinbosari O‘lmas Istamov tumandagi tashkilotlar rahbarlarini “Tashabbusli budjet”da ovoz yig‘ishga majburlagani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya ma’lum qildi.

Foto: Qiziltepa tumani hokimligi

Prokuratura va mehnat inspeksiyasi o‘tkazgan o‘rganishda hokim o‘rinbosarining harakatlarida huquqbuzarlik aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan jarima jazosi tayinlangan.

51-moddaning 1-qismiga ko‘ra, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash 50–100 BHM (17 mln so‘mdan 34 mln so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi. Hokim o‘rinbosari aynan qancha jarimaga tortilgani ma’lum qilinmadi.

“Milliy komissiya barcha mas’ullarni, shuningdek, ish beruvchilarni, hudud rahbarlarini xodimlarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga chaqiradi.

Shu o‘rinda Konstitutsiyamizga muvofiq har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga egaligi, shuningdek, mamlakatimizda majburiy mehnat taqiqlanganligi hamda milliy qonunchiligimizda bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanganligi haqida eslatib o‘tamiz”, – deyiladi komissiya bayonotida.

Mavzuga oid