Jahon | 08:05 / 20.04.2024
2628
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda Tramp ishi bo‘yicha sud uchun hakamlar hay’ati tanlandi

Donald Tramp 2016 yilgi saylov kampaniyasi uchun yig‘ilgan mablag‘larni noqonuniy sarflashda ayblanmoqda. AQSh tarixida birinchi marta sobiq prezident jinoiy sudda ayblanmoqda.

Foto: Reuters

Qo‘shma Shtatlarda mamlakatda birinchi marta sobiq prezident ustidan jinoiy ayblovlar bo‘yicha sud jarayoni uchun to‘liq hakamlar hay’ati tanlandi. 19 aprel, juma kuni sudya Xuan Merchanning aytishicha, 12 nafar hakamlar hay’ati a’zosidan tashqari olti nafar muqobil vakil saylangan.

Oq uy sobiq rahbari Donald Tramp ayblanuvchi bo‘lib qolayotgan to‘rtta jinoiy sud jarayonining birinchisi uning aktrisa Stormi Danielsga 130 ming dollar to‘laganini yashirgani bilan bog‘liq. Bir yil avval Manxetten prokurorlari Trampni to‘lov faktini yashirish uchun hujjatlarni qalbakilashtirishda ayblagan edi. 

Saylov fondlaridan tushgan pullar - aktrisaga 

Danielsning ta’kidlashicha, u biznesmen bilan 2006 yilda xayriya golf turnirida tanishgan va Trampning rafiqasi Melaniya birinchi marta farzand ko‘rganida u bilan yashirin yaqin munosabatda bo‘lgan. Aktrisa Donald Trampning 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasida uni fosh etish bilan tahdid qilgan. Ayblovga ko‘ra, saylov fondidan 130 ming dollar uning sukut saqlagani uchun to‘langan. 

Tramp o‘z aybini tan olmadi va Daniels bilan aloqada bo‘lganini rad etdi. Agar sobiq prezident aybdor deb topilsa, u qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Sud jarayoni olti haftadan sakkiz haftagacha davom etishi kutilmoqda. Shunday qilib, hukm 2024 yilning noyabriga belgilangan prezidentlik saylovlaridan ancha oldin e’lon qilinadi. 

Sud binosi tashqarisida o‘zini yoqib yuborishga urinish

Ayni paytda, noma’lum shaxs Nyu-Yorkdagi tarixiy jinoiy sud jarayoni bo‘lib o‘tayotgan sud binosi oldida o‘zini yoqib yubordi. Politsiya matbuotga buni tasdiqladi, qo‘shimcha ma’lumot bermadi. Hodisa sobiq prezident tarafdorlari ham, unga qarshi chiqqanlar ham to‘plangan bog‘da sodir bo‘lgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari olovni o‘chirish uchun uning oldiga yugurgan. Jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan, uning ahvoli noma’lum. 

Sobiq prezidentni yana uchta sud jarayoni kutmoqda

Bundan tashqari, Tramp yana uchta ishda ayblangan. Ular orasida 2020 yilda Jorjiyada prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazishga urinishi, o‘sha saylovlarda go‘yoki soxtalashtirishlar bo‘lgani haqida saylovchilarga yolg‘on ma’lumot berishi va Oq uyni tark etganidan keyin Floridadagi Mara-Lago qarorgohida hukumat maxfiy hujjatlarini noqonuniy saqlashi bor. 

Bu ishlar bo‘yicha sudlar noyabrdagi saylovlardan oldin boshlanadimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.

Mavzuga oid