AQSh Haaga sudining Isroilga nisbatan tergoviga qarshi chiqyapti
Avvalroq Isroil OAV Binyamin Netanyahu XJS uni hibsga olish uchun order berishidan xavotirda ekani haqida xabar qilgan edi.
Vashington XJS tomonidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Isroilning boshqa yuqori martabali amaldorlarini hibsga olishga order berilishi mumkinligi haqidagi savolga biroz tushunarsiz javob qaytardi. Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per 29 aprel, dushanba kuni AQSh tergovni qo‘llab-quvvatlamasligini, shuningdek, Haagadagi Xalqaro jinoiy sud bunday yurisdiksiyaga ega emasligiga ishonchi komil ekanligini aytdi. U bu savolga batafsil javob bermadi.
Oldinroq Isroil OAV Netanyahu XJS uni, shuningdek, Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant va bosh shtab boshlig‘i Gersi Halevini hibsga olish uchun order berishidan xavotirda ekanini xabar qilgan edi. Haagadagi Xalqaro jinoiy sud 2021 yildan buyon G‘azo sektorida harbiy jinoyatlar sodir etganlik ehtimoli bo‘yicha HAMAS va Isroilga qarshi tergov o‘tkazmoqda. Shuningdek, G‘arbiy sohilda isroillik ko‘chmanchilar tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik harakatlari bo‘yicha surishtiruv olib borilmoqda.
XJS yurisdiksiyasini qabul qilgan davlatlar order berilgan shaxslar ushbu mamlakatlar hududida bo‘lsa, ularni hibsga olishi va Haagaga topshirishi shart. AQSh kabi Isroil ham Xalqaro jinoiy sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi.
AQSh Isroil harbiylarini G‘arbiy sohilda inson huquqlarini buzganlikda aybladi
Shu bilan birga, AQSh hukumati Isroil armiyasining bir nechta bo‘linmalarini G‘arbiy sohilda «inson huquqlarini jiddiy buzganlikda» aybladi. Davlat departamentining ta’kidlashicha, tergov natijalariga ko‘ra, besh armiya bo‘linmasi falastinliklarga qarshi bu qoidabuzarliklarni sodir etgan.
Inson huquqlarining poymol etilishiga oid bu «sanoqli hodisalar» 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumidan oldin sodir bo‘lgan, dedi vazirlik matbuot kotibi o‘rinbosari Vedant Patel. Uning ta’kidlashicha, to‘rtta bo‘linma allaqachon AQSh sanksiyalaridan qochish uchun «tuzatish choralarini» ko‘rgan, Isroil hukumati bilan beshinchi bo‘linma bo‘yicha esa muzokaralar davom etmoqda.
Mavzuga oid
10:30
Xalqaro sud qarori: Netanyaxu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024