Jahon | 08:17 / 01.05.2024
3016
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Odessaga bergan zarbasi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi

Rossiya armiyasi Ukrainaning dengiz sohilidagi shahrini yana o‘qqa tutdi. Rasmiylarga ko‘ra, turar joy binolari zarar ko‘rgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

1 may, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Odessaga ballistik raketalar bilan hujum qildi. Bu haqda Odessa viloyati harbiy ma’muriyati raisi Oleg Kiper o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Kiperning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohat olgan va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Fuqarolik infratuzilmasiga yetkazilgan zarar ham qayd etilgan. 

Odessa meri Gennadiy Truxanov ham tungi zarbaga reaksiya bildirdi va shahar aholisini havo hujumi signallari bo‘yicha tezda choralar ko‘rishga chaqirdi. «Ko‘ryapsizmi, dushmanda «muhim sanalar» boshlandi», — deb yozdi Truxanov o‘zining Telegram-kanalida. 

Bir kun oldin ham rus armiyasi Odessani o‘qqa tutdi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, zarba kassetali o‘q-dorilar borligi taxmin qilinayotgan ballistik raketalar yordamida amalga oshirilgan. Oqibatda besh kishi halok bo‘ldi, yana 23 kishi yaralandi, turar joy binolari va fuqarolik infratuzilmasi zarar ko‘rdi. 30 aprel Odessada motam kuni deb e’lon qilindi. 

Mavzuga oid