Jahon | 23:19 / 01.05.2024
5034
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning «Pobeda» aviakompaniyasi AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi

Aviakompaniya 2023 yildan beri O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.

Foto: RIA Novosti

AQSh Moliya vazirligi rossiyalik 29 nafar jismoniy va 250 dan ortiq yuridik shaxsni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda vazirlik veb-saytida xabar berildi.

Shuningdek, 16 ta kema va Rossiyaning radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlariga, Mudofaa vazirligining ilmiy-tadqiqot institutlariga ham sanksiyalar joriy etildi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga «Pobeda» aviakompaniyasi ham kiritildi, chunki kompaniya «Rossiya iqtisodiyoti sektorida harbiy-sanoat bazasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyat bilan shug‘ullanadi». 

Shu bilan birga, «Lanit» korporatsiyasi, Ural avtomobil zavodi, Bryansk avtomobil zavodi, Yaroslavl motor zavodi, «Sibantratsit» tizimiga kiruvchi kompaniyalar ham sanksiyaga duchor bo‘lgan.

Turkiya, BAA va Xitoy kompaniyalari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. 

«Pobeda» - Rossiyaning loukoster (arzon narxli) aviakompaniyasi bo‘lib, «Aeroflot-Rossiya» tarkibiga kiradi. Qarorgohi Vnukovo (Moskva) aeroportida joylashgan. Aviakompaniya Moskva — Toshkent —   Moskva, Moskva — Samarqand — Moskva, shuningdek, Sankt-Peterburg — Samarqand — Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni amalga oshirmoqda.

Mavzuga oid