Jamiyat | 21:13 / 13.05.2024
20243
1 daqiqa o‘qiladi

Namanganda bog‘cha tarbiyalanuvchilari qabristonga olib borilgani aniqlandi

Bog‘cha rahbari 17 nafar tarbiyalanuvchini qabristonga «ziyorat qilish uchun» olib borgan. U «jiddiy ogohlantirish» olgan. 

Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi «Zukko bolajon» oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari 8 may kuni qabristonga olib borilgani ma’lum bo‘ldi. Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan bog‘cha rahbari «jiddiy ogohlantirilganini» ma’lum qildi.

«Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan «Xotira va qadrlash kuni»ni qay tarzda o‘tkazish bo‘yicha berilgan tavsiya xatiga qaramay, 8 may kuni mazkur maskan rahbari, tadbirkor O‘g‘ilxon Muhiddinova tomonidan 17 nafar tarbiyalanuvchi «Tol mozor» qabristoniga «ziyorat qilish uchun» olib borilgani aniqlandi», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, holat mahalla faxriylari, tarbiyalanuvchilarning ota–onalari ishtirokida muhokama qilingan.

O‘z vazifasiga nisbatan sovuqqonlik bilan yondashgan muassasa rahbari «jiddiy ogohlantirilgan».

Mavzuga oid