Jahon | 09:30 / 15.05.2024
3684
3 daqiqa o‘qiladi

BMT: KXDR milliardlab dollarlik kriptovalutani o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkin

Shimoliy Koreya hakerlari so‘nggi yetti yil ichida kriptovaluta kompaniyalariga kiberhujumlar orqali qariyb 3,6 milliard dollar o‘g‘irlagan, deb hisoblaydi BMT.

Foto: Ferra.ru

Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) maxfiy hisobotiga ko‘ra, taxminan 3,6 milliard dollarlik kriptovaluta o‘g‘irlanishi ortida Shimoliy Koreya turgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda 14 may, seshanba kuni Reuters axborot agentligi xabar qildi. Ushbu ma’lumotlarga qaraganda, KXDR hakerlari so‘nggi yetti yil ichida kriptovaluta kompaniyalariga kiberhujumlar uyushtirgan holda ushbu mablag‘larni o‘g‘irlab ketishgan.

BMT Xavfsizlik kengashiga 10 may kuni taqdim etilgan hisobotda 2017-2024 yillar oralig‘ida kriptovaluta kompaniyalariga 97 ta ehtimoliy kiberhujumlar ro‘yxati keltirilgan, deb yozadi Reuters. Boshqa narsalar qatorida, gap 2023 yil oxirida HTX kriptovaluta birjasiga kiberhujum haqida ketmoqda, uning davomida 147,5 million dollar o‘g‘irlangan. O‘g‘irlikdan so‘ng, mablag‘lar Tornado Cash kriptovaluta mikseri orqali yuvilgan. 

AQSh kriptovaluta mikseriga nisbatan sanksiyalar joriy qildi 

2022 yilda AQSh Moliya vazirligi tomonidan unga nisbatan sanksiyalar joriy etilgan. Agentlikning ta’kidlashicha, 2019 yilda yaratilganidan beri mikser turli hakerlar, jumladan, KXDR tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan Lazarus guruhi tomonidan kriptovalutalarni yuvishda foydalanilgan. 2023 yilda Tornado Cash ikki hammuassisi 1 milliard dollardan ortiq pul yuvishga yordam berganlikda ayblangan. 

Bitkom: Germaniyada Xitoy va Rossiyadan kiberhujumlar soni ortib bormoqda 

13 may kuni Germaniyaning Bitcom raqamli sanoat assotsiatsiyasi Xitoy va Rossiya Federatsiyasidan kiberhujumlar soni ortishi haqida ogohlantirdi. «O‘tgan yil davomida biz Rossiyadan hujumlar soni ikki baravar ko‘payganini ko‘rdik», dedi assotsiatsiya boshqaruvchi direktori Bernxard Rohleder. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Xitoydan ma’lum bo‘lgan hodisalar» soni 50 foizga oshgan, biroq zarar ko‘rgan kompaniyalarning 80 foizi Rossiyaning kiberhujumlari qurboni bo‘lgan.

Bitkom ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada 2023 yilda yo‘qotishlar 205,9 milliard yevroni tashkil etgan, «ularning 72 foizi bevosita kiberhujumlar tufayli yuz bergan». 

Xitoylik hakerlar VW ortidan ko‘p yillar davomida josuslik qilganlikda gumonlanmoqda 

Aprel oyida xitoylik hakerlar Germaniyaning Volkswagen avtomobil konserniga bir necha yil davomida kiberhujumlar uyushtirib, 19 mingga yaqin faylni o‘g‘irlagani haqida xabar berilgan edi. Der Spiegel haftaligi va ZDF telekanaliga ko‘ra, hujumlar 2010 yildan 2015 yilgacha bir necha to‘lqinlarda sodir bo‘lgan. 

Xitoyning Berlindagi elchixonasi Pekin bilan hakerlik aloqalari haqidagi xabarlarga g‘azab bilan javob qaytardi va mamlakat kiberjosuslikning barcha shakllarini qoralashini ta’kidladi. 

Mavzuga oid