O‘zbekiston | 11:11 / 18.05.2024
2622
2 daqiqa o‘qiladi

Sud ekspertlari va baholovchi tashkilotlarga qo‘shimcha majburiyatlar yuklatilmoqda

Endilikda kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan sud ekspertlari baholash to‘g‘risidagi hisobotlarda qo‘llangan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtai nazaridan sud ekspertizasini o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Senat yalpi majlisida “Baholash faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda xususiy mulk daxlsizligi va mol-mulkning haqiqiy bozor bahosini shakllantirish va uning ishonchliligini ta’minlash yuzasidan qator tizimli choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, bugungi kunda amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq baholash faoliyatiga oid ayrim muammolar saqlanib qolmoqda.

Xususan, sud ekspertlari va baholovchi tashkilotlar uchun umumiy baholash qoidalari va tartiblari belgilanmagan. Natijada sohani takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarurati yuzaga kelgan.

“Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga muvofiq endilikda baholovchi, nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlarda va boshqa tadbirlarda faqat baholovchi tashkilot hamda ushbu organlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida ekspert sifatida ham ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunga kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan sud ekspertlari baholash to‘g‘risidagi hisobotlarda qo‘llangan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtai nazaridan sud ekspertizasini o‘tkazishi mumkinligi haqida qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Sud ekspertining tekshirishlarni o‘tkazishda uning xulosasiga nisbatan belgilangan talablarga, shuningdek, tegishli sohadagi qonunchilik hujjatlariga rioya etish bo‘yicha majburiyati nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid