Jamiyat | 14:43 / 20.05.2024
4047
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz 2023 yilning eng yaxshi brendi deb topildi 

Kun.uz internet nashri “MAKON” marketing forumida ommaviy axborot vositalari orasida “Yil brendi” nominatsiyasiga munosib topildi.

18 may kuni Toshkentda “MAKON Marketing Forum-2024” xalqaro biznes-forumi doirasida “Yil brendi-2023” mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yil brendi – bu O‘zbekiston xalqi va turli sohalarning yetakchi mutaxassislari fikriga ko‘ra, tovarlar va xizmatlarning eng ommabop toifalari bo‘yicha O‘zbekistonning eng yaxshi brendlariga beriladigan mukofotdir. Unda O‘zbekistondagi yetakchi ishlab chiqaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar va ommaviy axborot vositalari orasidan yetakchi brendlar aniqlanadi. 

Forumning “OAV va reklama. Internet nashrlari” yo‘nalishida Kun.uz internet nashri iste’molchilar bergan ovozlar hisobida eng yuqori natijani qayd etdi va “Yil brendi-2023” mukofotini qo‘lga kiritdi. 

O‘zbekistonda mazkur forum 5 yildan buyon o‘tkazib kelinadi va yil davomida turli sohalarda yuqori natijalarga erishgan brendlar ovoz berish orqali tanlab olinadi.

Mavzuga oid