Seul: Shimoliy Koreya ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshni uchirishga tayyorlanmoqda
Shimoliy Koreya sun’iy yo‘ldosh uchirilishi haqida Yaponiyani ogohlantirdi. Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshdir.
Shimoliy Koreya Yaponiyani 4 iyun, seshanba kunidan bir kun oldin sun’iy yo‘ldosh uchirishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda 27 may, dushanba kuni Yaponiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati ma’lum qildi. KXDR bildirishnomasida Koreya yarimoroli va Filippinning Luson oroli yaqinidagi dengizda raketa tashuvchisi qoldiqlari tushishi mumkin bo‘lgan uchta xavfli zona belgilandi, deb xabar bermoqda "Kiodo" agentligi.
Avvalroq Janubiy Koreya rasmiylari KXDR o‘zining ikkinchi harbiy josuslik sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarish niyatida ekani haqida xabar bergan edi. Seulga ko‘ra, Janubiy Koreya va Amerika razvedkasi uchirishga tayyorgarlikni "yaqindan kuzatmoqda".
Janubiy Koreyaning yuqori martabali rasmiysi "Ryonxap" agentligiga Rossiyadan ko‘plab mutaxassislar KXDRga josuslik sun’iy yo‘ldoshlarini uchirishda yordam berish uchun kelganini aytdi. Manbaga ko‘ra, bu RF o‘tgan yili Shimoliy Koreyaning sun’iy yo‘ldosh dasturini qo‘llab-quvvatlashga va’da berganidan keyin sodir bo‘lgan.
KXDR so‘nggi bor noyabr oyida ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshni uchirdi va 2024 yilda orbitaga yana uchta shunday qurilmani chiqarishga va’da berdi. Yanvar oyida Janubiy Koreya ham orbitaga birinchi razvedka sun’iy yo‘ldoshini yuborgan.
Shimoliy Koreyaning yadroviy tahdidi
Shimoliy Koreya oxirgi paytlarda tez-tez raketa sinovlarini o‘tkaza boshladi. Xususan, 3 aprel kuni mamlakat davlat OAV yadro kallagini olib yurishga qodir gipertovushli kallakka ega o‘rta masofaga mo‘ljallangan Hwasong-16B raketasi sinovdan o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi. Mamlakat yetakchisi Kim Chen In yangi raketani "yana bir kuchli strategik hujum quroli" deb atadi.
2022 yil sentabrida KXDR ko‘p sonli sanksiyalar va BMT rezolyutsiyalariga zid ravishda, "dushman kuchlar" tomonidan hujum tahdidi yuzaga kelgan taqdirda profilaktik zarbalar berishga ruxsat beruvchi yadro quroli to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, o‘zini rasman yadroviy davlat deb e’lon qildi. 2024 yilning mart oyida Janubiy Koreya va AQSh 2018 yildan beri birinchi marta KXDR tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yadroviy tahdidga qarshi kurashish maqsadida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Shimoliy Koreya tomonidan josuslik sun’iy yo‘ldoshlarining uchirilishi, harbiy tahlilchilar ta’kidlaganidek, Pxenyanning o‘zining potensial raqiblari haqida harbiy ma’lumot to‘plash imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
Mavzuga oid
18:59 / 19.11.2024
JCh-2026 saralashi. O‘zbekiston Shimoliy Koreya bilan o‘yinda 10 kishi qolib, qiyin g‘alabaga erishdi
22:48 / 18.11.2024
Starlink uchun yana 20 ta sun’iy yo‘ldosh orbitaga uchirildi
23:13 / 15.11.2024
Rossiyalik hakerlar Yevropa sun’iy yo‘ldoshlariga hujum qilmoqda
22:18 / 11.11.2024