Jahon | 08:15 / 28.05.2024
7843
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreyaning ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshi uchirilganidan ko‘p o‘tmay portlab ketdi

Shimoliy Koreyaning ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshi bo‘lgan raketa-tashuvchi uchirilganidan bir necha daqiqa o‘tib portlagan, deb tan oldi KXDR. Seulga ko‘ra, Rossiya Pxenyanga sun’iy yo‘ldoshni uchirishga yordam bergan.

Foto: Ahn Young-joon/AP/picture alliance

Shimoliy Koreyaning «Malligen-1-1» ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshini olib ketayotgan raketa-tashuvchi uchirilganidan ko‘p o‘tmay «parvozi birinchi bosqichida havoda portladi». Buni 28 may, seshanbaga o‘tar kechasi KXDR Davlat aerokosmik muhandislik boshqarmasi tan oldi. Shimoliy Koreya agentligiga ko‘ra, halokatga raketa dvigatelining nosozligi sabab bo‘lgan.

Janubiy Koreya harbiylari 27 may kuni kechqurun Shimoliy Koreyaning g‘arbiy qirg‘oqlaridan raketa uchirilganini qayd etdi. Seul Shimoliy Koreya razvedka sun’iy yo‘ldoshi uchirilganidan bir necha daqiqa o‘tgach, uning va raketa-tashuvchi qoldiqlari KXDRning o‘sha g‘arbiy qirg‘oqlari yaqinida dengizga qanday qulaganini kuzatganini bildirdi.

Yaponiyaning NHK telekanali yong‘in ichida qolgan qoldiqlarning dengizga qulagani tasvirlangan videoni namoyish etdi. NHK telekanalining ma’lum qilishicha, kadrlar 27 may kuni kechki payt Xitoyning shimoli-sharqiy qirg‘oqlaridan suratga olingan. Bungacha rasmiylar Yaponiyaning Okinava oroli aholisini boshpana topishga chaqirgan, biroq tez orada ogohlantirish bekor qilingan.

Seul: Rossiya Shimoliy Koreyaga josuslik sun’iy yo‘ldoshini uchirishga yordam berdi 

27 may kuni ertalab Yaponiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Shimoliy Koreyaning yaqin kunlarda sun’iy yo‘ldoshni uchirish rejalari haqida ma’lum qildi. Shimoliy Koreya noyabr oyida o‘zining birinchi ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshini uchirdi va 2024 yilda orbitaga yana uchta shunday qurilmani chiqarishga va’da berdi. Janubiy Koreya rasmiylariga ko‘ra, Rossiya bu borada Shimoliy Koreyaga yordam bermoqda.

Shimoliy Koreyaning ikkinchi ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshini uchirishga urinish Seuldagi sammitdan bir necha soat o‘tib, Janubiy Koreya, Xitoy va Yaponiya vakillari Koreya yarimorolini yadrosizlantirish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyani imzolaganidan keyin sodir bo‘ldi. Shimoliy Koreya 2023 yil sentabrida o‘zini yadroviy davlat deb e’lon qildi va so‘nggi oylarda yadroviy qurol olib yurishga qodir ballistik raketalarni faol sinovdan o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid