O‘zbekiston | 13:43 / 31.05.2024
6274
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda salkam 5 mlrd so‘mlik sintetik giyohvand moddalar aniqlandi

Toshkent viloyati IIBB va Bo‘stonliq tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan hamkorlikdagi organlar bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ko‘p miqdordagi sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatish maqsadida olib ketayotgan shaxs ushlandi. 

Foto: Videodan kadr

Nazorat tadbiri davomida 33 yoshli fuqaro M.I. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududida gumonlanib tekshirilgan. Uning yonida bo‘lgan avtomobil ehtiyot qismi (reduktor) ko‘zdan kechirilganda, ehtiyot qism ichiga joylashtirilgan 12 ta o‘ramdagi, (“qora bozor”dagi taxminiy narxi 4 milliard 800 million so‘mga teng) bo‘lgan, ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 6 kilogramm sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan va daliliy ashyo sifatida olingan.

Ushlangan shaxsning yashash xonadoni tekshirilganida, sintetik vositalarni kichik miqdorga ajratib, qadoqlash va tarqatish uchun kerakli vositalar borligi ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 273 moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dastlabki surishtiruvga ko‘ra, unga ushbu sintetik giyohvandlik vositalari tegishli Telegram-bot yordamida Qirg‘izistondan vodiy viloyatlari orqali yetkazib berilgani aniqlangan. Hozirda ushbu sintetik giyohvandlik vositalarining manbasini aniqlash bo‘yicha tezkor qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid