Jahon | 21:27 / 05.06.2024
5058
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda millionerlar soni ortib borayotgani qayd etildi

Boylar o‘z boyliklarini boshqarish taktikasini o‘zgartirayotgani ma’lum bo‘ldi. Agar ilgari asosiy e’tibor mablag‘larni saqlashga qaratilgan bo‘lsa, endi ularning ko‘payishiga qaratilmoqda. 

Foto: Unsplash

Capgemini xalqaro konsalting kompaniyasi dunyodagi millionerlar soni va ularning 2023 yildagi umumiy boyligi bo‘yicha hisobotini e’lon qildi. 

Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yili badavlat odamlar soni 5,1 foizga o‘sib, 22,8 million kishiga yetgan. Ularning umumiy boyligi ham 4,7 foizga oshib, 86,8 trillion dollarni tashkil qildi. O‘tgan yil davomida farovonlikning eng sezilarli o‘sishi Shimoliy Amerikada, eng yomon ahvol esa Afrikada kuzatildi. 

Agar 2022 yil oxirida geosiyosiy keskinliklar va iqtisodiy beqarorlik tufayli millionerlarning umumiy boyligi 3,6 foizga, millionerlar soni esa 3,3 foizga qisqargan bo‘lsa, 2023 yilda o‘sish nafaqat tiklandi, balki rekord darajaga yetdi. 

World Wealth Report 2024 hisoboti dunyoning 71 mamlakatidagi vaziyatni tasvirlaydi, ularda jahon yalpi milliy daromadining 98 foizidan ortig‘i va birjada kotirovka qilinadigan kompaniyalarning 99 foizi jamlangan. 

Tadqiqotda 3119 nafar millioner, jumladan, Shimoliy va Lotin Amerikasi, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 1300 nafardan ortiq multimillioner qatnashgan. 

2023 yil oxiridagi eng ijobiy tendensiya Shimoliy Amerikada qayd etilgan – u yerda millionerlar soni 7,1 foizga, ularning umumiy boyligi esa 7,2 foizga oshgan. 

O‘sishning asosiy omillari iqtisodiy faollikning tiklanishi, inflatsiya bosimining zaiflashishi va fond bozorining sezilarli tiklanishi bo‘ldi. 

Xuddi shu omillar Shimoliy Amerikadagi kabi yuqori bo‘lmasada, boshqa mintaqalarda farovonlikning oshishiga olib keldi. 

Osiyo-Tinch okeani mintaqasida millionerlar soni 4,2 foizga, farovonligi esa 4,8 foizga o‘sgan. Yevropada millionerlar va multimillionerlar o‘tgan yilga nisbatan 3,9 foizga ko‘p bo‘lgan va ularning umumiy boyligi 4 foizga oshgan. Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqda ham o‘sish kuzatildi, lekin ancha kamtarona. 

2023 yilda boylar soni (-0,1 foiz) va ularning boyligi (-1 foiz) kamaygan yagona mintaqa Afrika bo‘ldi. Capgemini mutaxassislari Afrika mamlakatlaridagi bu tendensiyani xomashyo narxining pasayishi va xorijiy sarmoyalarning qisqarishi bilan izohladi. 

Umumiy tendensiyalar haqida gapirar ekan, hisobot mualliflari boy odamlar o‘z boyliklarini boshqarish taktikasini o‘zgartirayotganini qayd etishdi. Agar ilgari asosiy harakatlar mablag‘larni saqlashga qaratilgan bo‘lsa, endi ularning ko‘payishiga qaratilmoqda. 

2024 yil boshidagi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, jami boylikning taxminan 25 foizi naqd pulda saqlanadi, bir yil avval bu ko‘rsatkich 34 foiz edi.

Mavzuga oid