Qayd etilishicha, avgust oyida umumiy biznes muhiti indeksi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 punktga o‘sib, 55 bandni tashkil etdi. Bu o‘sish asosan hozirgi faollikning o‘sishi hisobiga kuzatildi. Biznes muhitining joriy holati indeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 bandga o‘sib, 49 bandni tashkil etdi.

Joriy holat indeksi tadbirkorlarning amaldagi vaziyatga, ya’ni sotuvlar, ish bilan ta’minlash, talab, resurslarga yetarli kirish imkoni va faoliyat muhitining barqarorligi kabi omillarga nisbatan munosabatini aks ettiradi.

Shu bilan birga, biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi 67 banddan 62 bandgacha biroz pasaygan bo‘lsa-da, hanuz yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu esa tadbirkorlarning kelajakka bo‘lgan ishonchi barqaror ekanini ko‘rsatadi.

Tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, barqaror ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Joriy yil avgust oyida o‘z biznesining joriy holatini «yaxshi» deb baholagan respondentlar ulushi o‘tgan yil avgust oyidagi 41 foizdan joriy yil 45 foizgacha o‘sdi. Shu bilan birga, respondentlarning 39 foizi so‘nggi uch oyda biznes ko‘rsatkichlari yaxshilangannini ta’kidlagan bo‘lsa, 41 foiz talab o‘sganini bildirgan.

Kelgusi oylarga oid kutilmalar ham yuqori darajada saqlanmoqda. Xususan, respondentlarning 69 foizi yaqin uch oy ichida o‘z biznesi o‘sishda davom etishiga ishonmoqda, 62 foizi qo‘shimcha talab o‘sishini kutmoqda, 53 foizi esa ishchilar soni ko‘payadi, deb prognoz bermoqda.

Avgust oyida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi biznes muhiti sektorning pozitsiyalari mustahkamlanayotganini va tadbirkorlar ishonchi ortayotganini ko‘rsatdi. Oy davomida indeks 7 bandga o‘sib, 57 bandni tashkil etdi va o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 1 bandga yaxshilandi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida tadbirkorlarning 50 foiz o‘z biznesi holatini «yaxshi» deb baholagan, bu esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 10 bandga yuqori. Shu bilan birga, respondentlarning 42 foiz so‘nggi uch oyda biznesi yaxshilanganini qayd etgan. Qishloq xo‘jaligidagi istiqboldagi kutilmalar indeksi 68 bandga yetdi.

Sanoatda ishlab chiqarish faolligining jonlanishi kuzatildi. Jumladan, biznes-muhitining joriy holat indeksi 3 bandga o‘sib, 41 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, umumiy indeks 2 bandga pastlab, 48 bandni tashkil etdi.

Sanoatdagi tadbirkorlarning deyarli yarmi vaziyatni qoniqarli deb baholagan. Ishchilar sonining o‘sishi (28 foiz) ish o‘rinlari kengayayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, respondentlarning 70 foiz biznesining yaqin kelajakda yaxshilanishiga ishonmoqda.