18:06 / 05.06.2024
10009

Firdavs Abduxoliqov Kinematografiya agentligi rahbarligidan ketdi

U boshqa lavozimga o‘tayotgani munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan.

Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov vazifasidan ozod etildi. Bu ma’lumotni Kun.uz’ning hukumatdagi manbasi tasdiqladi.

Abduxoliqov endi Islom sivilizatsiyasi markaziga direktor bo‘lishi kutilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Shoislamovich Minovarov lavozimidan ozod etilgan.

Kinematografiya agentligiga esa yozuvchi Shuhrat Rizayev vaqtincha rahbar vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. U 2017 yil avgustidan buyon agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

O‘zbekistondagi dastlabki xususiy telekanallardan biri — «STV» va ilk nodavlat gazetalardan biri — «Darakchi»ga asos solgan Firdavs Abduxoliqov 2003 yildan O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga rahbarlik qilgan. 2019 yil sentabrida esa Kinematografiya agentligi (o‘sha vaqtda «O‘zbekkino») direktori etib tayinlangandi.

2020 yil aprelida 100 dan ortiq kinoijodkor Firdavs Abduxoliqov ustidan bosh vazir Abdulla Aripovga shikoyat qilgan edi. Murojaatchilar Firdavs Abduxoliqov kinematografiya sohasini rivojlanish bo‘yicha kompleks yondashuv va konseptual qarorlarni qabul qilish o‘rniga sohani rivojlantirishga mutlaqo aloqador bo‘lmagan faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgani, ko‘p yillik tajribaga ega xodimlarni chetlatib, ularning o‘rniga kino sohasidan yiroq bo‘lgan, uning o‘zigagina qarashli odamlarni boshqarma va bo‘limlar rahbarligiga tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilganidan norozi bo‘lishgandi.

Abduxoliqov 2022 yilda o‘zining oila a’zolariga tegishli telekanalga milliy serial ishlash uchun davlat subsidiyasini bergani bo‘yicha korrupsion mojaro markazida turgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil martida MTRKning uzoq yillik rahbari Alisher Xo‘jayev Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Mavzuga oid
Top