12:16 / 06.06.2024
3003

Samarqandda eriga jahl qilib bolasini azoblagan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Ayol chet elda yurgan eri bilan janjallashgan va unga jahl qilib bolasini qiynagan.

Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi ayol chet elda bo‘lgan eriga jahl qilib bolasini azoblagan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Sa’dullayev xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Kattaqo‘rg‘on shahar Nurafshon mahallasida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan ayol F.M. ayni damda chet elda bo‘lgan eri bilan o‘zaro kelishmovchilikka borgan.

So‘ng eriga jahl qilib, voyaga yetmagan farzandiga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Uni qiynab, azoblagan. Holat yuzasidan IIB xodimlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilgan. Hozirda bolaning sog‘ligi va ahvoli yaxshi, mutaxassislar nazoratiga olingan.

Qayd etilishicha, voyaga yetmagan farzandiga nisbatan jismoniy kuch ishlatib qiynagan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi “a” bandi hamda 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bunday hodisa Kattaqo‘rg‘on tumanida avval ham yuz bergan. 2023 yilda tumanning Andoqsoy qishlog‘ida yashovchi ayol Rossiyada bo‘lgan eri bilan janjallashgan. So‘ng bolasini azoblab videoga olgan va eriga yuborgandi.

Top