Jahon | 15:50 / 07.06.2024
5454
5 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQSh yangi gravitatsion bombani ishlab chiqishga qaror qildi

Qo‘shma Shtatlar yadro quroli strategiyasini kuchaytirmoqda, deb yozadi Semafor internet-nashri Jo Bayden ma’muriyatidagi manbaga tayanib.

Foto: Reuters

Jo Bayden ma’muriyati o‘zining yadroviy qurol strategiyasini kuchaytirmoqda, chunki Rossiya va Xitoy o‘tgan yili AQSh qurol nazoratini muhokama qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamadi, deb xabar berdi Semafor juma kuni Bayden ma’muriyatining ismi oshkor qilinmagan yuqori martabali xodimiga tayanib

Xususan, yangi gravitatsion bomba yaratish, shuningdek, «Ohayo» toifasidagi qator yadro suvosti kemalaridan foydalanish muddatini uzaytirish haqida qaror qabul qilindi, dedi manba. «Jo Bayden ma’muriyati, shuningdek, ortib borayotgan yadroviy tahdidlar sharoitida AQSh yadroviy kuchlarining keyingi evolyutsiyasini ko‘rib chiqmoqda va asosiy ittifoqchilar o‘zlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan uzoq masofali zarba berish va kuzatuv qobiliyatiga ega bo‘lishini ta’minlashga harakat qilmoqda», - dedi rasmiy batafsil ma’lumot berishdan bosh tortib.

AQShning Rossiya va Xitoy bilan qurol nazorati bo‘yicha muzokaralari

Nashrning yozishicha, 7 iyun kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi qurol nazorati, qurolsizlanish va qurollarni tarqatmaslik bo‘yicha katta direktori Pranay Vaddi Vashington tegishli rejalarini qurol nazorati bo‘yicha konferensiyada e’lon qilishi kutilmoqda, deb yozadi nashr. 

O‘tgan yili xuddi shu konferensiyada Jo Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Qo‘shma Shtatlar Xitoy va Rossiya bilan qurol nazorati masalasini «oldindan hech qanday shartlarsiz muhokama qilishga tayyorligini aytdi», deb eslatdi Semafor. «Biroq, Pekin va Moskva bu takliflarni rad etdi, bu esa Qo‘shma Shtatlarni o‘z yondashuvini o‘zgartirishga majbur qildi», — deya rasmiy so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr. 

Bayden ma’muriyati hali ham o‘zining geosiyosiy raqiblarini muzokaralar stoliga o‘tkazishga umid qilmoqda, ammo ularni rad etish oqibatlari bo‘lishini ko‘rsatmoqchi, deya qo‘shimcha qildi manba. Rossiya va Xitoy «agar hamkorlikdan bosh tortishda davom etsa, xavfsizlik muhiti yomonlashadi», dedi u.

Rossiya va AQSh o‘rtasida strategik hujumkor qurollar shartnomasi 

Hozirda Rossiya va AQSh strategik hujumkor qurollarni qisqartirish bo‘yicha shartnoma (SHQ-3, New START) majburiyatlariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. U 2010 yil 8 aprelda AQSh va Rossiyaning o‘sha paytdagi prezidentlari Barak Obama hamda Dmitriy Medvedev tomonidan imzolangan va 2011 yil 5 fevralda kuchga kirgan. Hujjat tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan yana 5 yilga uzaytirish imkoniyati bilan 10 yilga mo‘ljallangan. 2021 yil 29 yanvarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin SHQ-3ni 2026 yil 5 fevralgacha uzaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

SHQ-3ga ko‘ra, Vashington va Moskva yadro kallaklari sonini 1550 tagacha kamaytirishga va o‘q otish moslamalari hamda og‘ir bombardimonchilar sonini 700 tagacha cheklashga va’da berdi. Bundan tashqari, u AQSh va Rossiya Federatsiyasining qurol nazorati uchun bir-biri harbiy yadroviy obektlarida o‘zaro tekshiruvlarini nazarda tutgan.

Biroq, 2023 yil 21 fevralda Vladimir Putin Federal kengash oldida nutq so‘zlab, Moskva shartnomadan chiqmayotgan bo‘lsa-da, uning ishtirokini to‘xtatayotganini e’lon qildi. Bu qadamga Putin Britaniya va Fransiya kabi NATO davlatlarining yadro arsenallari qanday hisobga olinishi borasidagi noaniqlikni sabab qilib keltirdi.

2023 yil mart oyi oxirida Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Vashington va Moskva o‘z yadroviy qurollari, jumladan, ayrim bazalarda yadro kallaklari va bombardimonchi samolyotlar soni to‘g‘risida ma’lumot almashishni to‘xtatgani haqida xabar berdi.

2023 yil oktyabr oyi oxirida Pentagon Qo‘shma Shtatlar xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatdagi o‘zgarishlar tufayli o‘zining asosiy B61 yadroviy gravitatsion bombasini B61-13 modifikatsiyasiga yangilashga qaror qilganini bildirdi.

Mavzuga oid