Jahon | 10:16 / 18.06.2024
2032
4 daqiqa o‘qiladi

YeI kengashi ekotizimlarni tiklash bo‘yicha bahsli qonunni qabul qildi

Avstriyalik vazir kansler pozitsiyasiga zid ravishda ekologiya qonunini yoqlab ovoz berdi va natijada YeI kengashi uni qabul qilish uchun zarur bo‘lgan ko‘pchilik ovozni olishga muvaffaq bo‘ldi. Qonun Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yevropa parlamenti tomonidan kelishilgan.

Foto: RAUNO VOLMAR / DELFI MEEDIA

Bir necha oy davom etgan munozaralardan so‘ng Yevropa Ittifoqining atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari ekotizimlarni tiklash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. 17 iyun, dushanba kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan YeI kengashi yig‘ilishida Avstriyaning roziligidan so‘ng kerakli ko‘pchilik – kamida 15 mamlakat va Yevropa Ittifoqi aholisining kamida 65 foizi qo‘llab-quvvatlovi olindi. Avstriya federal kansleri, konservativ Karl Nexammerning pozitsiyasidan farqli o‘laroq, mamlakat iqlimni muhofaza qilish va energetika vaziri Leonore Gevessler qonunni yoqlab ovoz berdi, bu uning qabul qilinishida hal qiluvchi omil bo‘ldi.

Yangi qonunchilik normasi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga 2030 yilga borib zararlangan quruqlik va dengiz ekotizimlarining kamida 20 foizini, 2050 yilgacha esa xavf ostida qolgan barcha ekotizimlarni tiklashga majbur qiladi. Maqsadlardan biri CO2’ni o‘ziga singdira oladigan torf yerlarini tiklashdir. Yangi qonun yordamida Yevropa Ittifoqi atrof-muhitning vayron bo‘lish jarayonini ortga qaytarmoqchi. Bu iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha Yevropa strategiyasining muhim qismidir. 

Qonun uzoq vaqt davomida YeI kengashidagi bir qancha davlatlar tomonidan bloklangan

Yevropa Ittifoqi davlatlaridan muzokarachilar va Yevroparlament a’zolari 2023 yilning noyabrida qonun bo‘yicha kelishib oldi, shundan so‘ng uning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan yakuniy ma’qullanishi rasmiyatchilik sifatida qabul qilindi. Biroq Yevropa Ittifoqi kengashining qator a’zolari hujjat qabul qilinishiga bir necha oy davomida to‘sqinlik qilgan. Italiya, Finlandiya, Niderlandiya, Polsha, Shvetsiya va Vengriya unga qarshi chiqdi, Belgiya esa betaraf qoldi, deb yozadi AFP diplomatik manbalarga tayanib. 

Xususan, Niderlandiya shamol stansiyalari qurilishining sekinlashishi mumkinligidan xavotir bildirdi, Polsha esa atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish rejasi yo‘qligini ta’kidladi. Bundan tashqari, qonun konservativ siyosiy kuchlar va Yevropa mamlakatlari qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari tomonidan tanqid qilinmoqda. 

Vena o‘z vazirining «konstitutsiyaga zid» harakatlari yuzasidan sudga murojaat qiladi 

Bryusseldagi qarordan so‘ng Avstriya federal kansleri idorasi uni bekor qilish uchun Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat etish niyatida ekanligini bildirdi. Avstriya vazirining qarori «konstitutsiyaga mos kelmaydi», deya ma’lum qildi Vena. O‘z navbatida, Leonore Gevessler o‘z mamlakatidagi qarshilik haqida bilishini ta’kidladi. Biroq, u da’voni qondirish uchun hech qanday qonuniy asos ko‘rmayapti. «Ishonchim komilki, endi bu qonunni qabul qilish vaqti keldi», deb ta’kidladi Gevessler. 

O‘z navbatida, Germaniya atrof-muhit vaziri Shteffi Lemke atrof-muhitni muhofaza qilish va qishloq xo‘jaligi manfaatlari o‘rtasida muvozanatga erishish zarurligini ta’kidladi. «Yevropa Ittifoqi yaxshi murosalarni topishga qodir», dedi u. Germaniya vazirining so‘zlariga ko‘ra, qabul qilingan qonun «hech bir hukumat yoki partiya tabiatni muhofaza qilish va atrof-muhit muammolarini e’tiborsiz qoldira olmasligini» ko‘rsatadi. 

May oyida Germaniya va boshqa o‘nta Yevropa davlati Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Belgiya hukumatini iyun oyida ekotizimlarni tiklash bo‘yicha qonunni qabul qilish jarayonini yakunlashga chaqirdi. Irlandiya tashabbusi bilan jo‘natilgan maktubda ta’kidlanishicha, avvalroq kelishilgan murosa bo‘yicha yuzaga kelgan boshi berk ko‘cha «demokratik institutlarni xavf ostiga qo‘yadi». Iyul oyida Yevropa Ittifoqining raisligi Vengriyaga o‘tadi, uning o‘ng qanot milliy hukumati boshqa narsalar qatori bu qonunga ham qarshi. 

Mavzuga oid