Jahon | 13:41 / 21.06.2024
5440
3 daqiqa o‘qiladi

ACEA: Germaniya Yevropada elektromobillar sotuvini sekinlashtirmoqda

Germaniyada 2024 yilning yanvaridan mayigacha elektr transport vositalariga talab 30 foizga kamaydi. Fransiyada bu ko‘rsatkich 5,4 foizga, butun Yevropa Ittifoqida esa 2 foizga oshib, 556 ming donani tashkil etdi, deb xabar berdi ACEA assotsiatsiyasi.

Foto: Christian Charisius/dpa/picture alliance

Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (ACEA) ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa bo‘ylab elektromobillarga bo‘lgan talab dinamikasida sezilarli farqlar mavjud. Tashkilotning 20 iyun, payshanba kuni xabar berishicha, Germaniyada yangi elektromobillar savdosi may oyida o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 30,6 foizga kamaydi

Belgiya va Fransiyada elektr transport vositalariga talab ortib bormoqda 

Yevropaning Germaniyadan keyin ikkinchi yirik elektr avtomobil bozori bo‘lgan Fransiyada xuddi shu ko‘rsatkich 5,4 foizga, uchinchi o‘rindagi Belgiyada esa 44,8 foizga oshgani ta’kidlangan. 

Joriy yilning dastlabki besh oyida 2023 yilning shu davriga nisbatan Germaniyada elektromobillarga talab 16 foizga kamaygan bo‘lsa, Fransiyada bu ko‘rsatkich 23 foizga oshgan. Talabning pasayishi Italiyada ham kuzatilmoqda (2024 yilning yanvaridan mayigacha bo‘lgan davrda minus 19 foiz), Niderlandiya va Ispaniyada sotuvlar o‘sishi qayd etilgan. 

Yevropa Ittifoqi bo‘ylab may oyida elektromobillarni ro‘yxatga olish 12 foizga qisqarib, 114 308 donani tashkil etdi, ularning avtomobil bozoridagi ulushi esa 12,5 foizga kamaydi. Yilning besh oyida bu ko‘rsatkich 2 foizga oshib, 556 ming 276 donani tashkil qildi. Shu bilan birga, barcha turdagi dvigatelli avtomobillarning umumiy sotuvi may oyida Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlarida 3 foizga kamayib, 912 mingta avtomobilga teng bo‘ldi, 2024 yilning besh oyida esa bu ko‘rsatkich 4,6 foizga oshib, 4,6 million donani tashkil etdi, deya xabar beradi ACEA. 

Germaniyada talab pasayishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlov tugashi bilan bog‘liq

2023 yilda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlov to‘xtatilishi fonida Germaniyada elektromobillarga bo‘lgan talab pasayib bormoqda: o‘tgan yil boshida gibrid dvigatelli avtomobillar xaridorlari davlat subsidiyalaridan mahrum bo‘ldi.

Bundan tashqari, Germaniyada elektromobillarga talabning pasayishiga, ekspertlar fikriga ko‘ra, ushbu mamlakatda ekologik toza yonilg‘idan foydalanish imkoni bo‘lgan ichki yonuv dvigatellariga ega avtomobillar ommabopligi qayta muhokama qilinayotgani yordam berdi. 

2023 yilda Yevropa Ittifoqida 10,5 million yangi avtomobil sotilgan, bu 2022 yilga nisbatan 14 foizga ko‘pdir. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid