07:45 / 21.06.2024
1740

O‘zbekiston Xitoydan kelayotgan sayyohlar sonini 1 millionga yetkazmoqchi

Joriy yilning sentabr oyidan "Xitoyda O‘zbekiston turizm yili"ga start beriladi.

Foto: Dunyo

18 iyun kuni Samarqand shahrida XXR turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Uzbektourism.uz ma’lumotiga ko‘ra, forum O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda targ‘ib qilish va ikki mamlakat turizm sanoati vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlandi.

Biznes-forumda 200 ga yaqin O‘zbekiston va Xitoyning turizm sektori vakillari, jumladan, 16 iyun kuni Sian shahridan Samarqandga LoongAir aviakompaniyasining birinchi muntazam parvozi orqali uchib kelgan soha vakillari ishtirok etishdi.

"Joriy yilning sentabr oyidan "Xitoyda O‘zbekiston turizm yili"ga start beramiz. Bir yil davomida xitoylik sayyohlarni O‘zbekiston turizmi, boy madaniyati, merosi, qadriyatlari bilan yaqindan tanishtiramiz. Umuman olganda Xitoydan kelayotgan sayyohlarni bosqichma-bosqich 1 millionga chiqarishni pirovard maqsad qilib olganmiz," – dedi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev.

Forum davomida O‘zbekiston va Xitoy vakillari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini o‘rgandilar.

Top