Jamiyat | 19:22 / 28.06.2024
46528
8 daqiqa o‘qiladi

“Senga 4 mln dollar jo‘natyapman” – eski uslubdagi yangicha firibgarlik

Navoiyda shahrida ishlovchi shifokor ayol katta miqdordagi pulga chuv tushdi. U chet el firibgarlarining 4 mln dollar naqd pul jo‘natishi, uning 40 foizini o‘ziga olib qolib, qolganini ehtiyojmandlarga tarqatishi kerakligi haqidagi yolg‘oniga ishongan. Firibgarlar ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta foto va videolar yuborib, ayoldan pulni O‘zbekistonga olib kelishda bojxona to‘lovlari hamda boshqa to‘siqlar uchraganini aytib, 7,5 ming dollar undirgan.

Navoiy shahrida yashovchi shifokor ayol firibgarlar yolg‘oniga aldanib, katta miqdordagi mablag‘idan ayrildi. Holat bir necha kun oldin sodir bo‘lgan.

4 mln dollarlik “xo‘rak”

Shifokorning Kun.uz muxbiriga hikoya qilib berishicha, unga ijtimoiy tarmoq orqali bir ayol yozib, Londonda yashashini, og‘ir kasallikka duchor bo‘lganini, puldorligini, shu kunlarda operatsiyaga kirayotganini bildirgan. “Odamlarga yaxshilik qilmoqchiman. Bu ishni amalga oshirish uchun ko‘plab insonlar orasidan seni tanladim”, degan u.

Londonlik ayol o‘z boyligidan 4 mln dollar pulni naqd ko‘rinishida jo‘natishini, uning 40 foizini xizmati uchun o‘ziga olib, qolganini hududdagi ehtiyojmandlarga tarqatishi kerakligini aytgan. U “o‘lja”sini ishontirish uchun tinmasdan shifoxonada yotgani, operatsiyaga tayyorlanayotgani aks etgan fotolar jo‘natib turgan.

Navoiylik shifokor ayol yolg‘onga ishongan va bu tuzoqqa ilingan.

“U menga tinmasdan bu ishni hech kimga aytmasligimni, sababi 4 mln dollar katta miqdordagi pul ekanini, mablag‘ qo‘limga xavfsiz yetib kelishi kerakligini ta’kidlardi. Afsuski, men o‘zim ham bilmagan holda unga ishonib qo‘ydim va buni hech kimga aytmadim”, deydi ayol.

Eski firibgarlikka qo‘shilgan yangi element: agent

“Millioner xonim” 4 mln dollar pulni maxsus seyfga joylashtirib, uning kodini ayolga aytadi. Isbot uchun katta miqdordagi dollar seyfga joylashtirilgani aks etgan video jo‘natadi. Keyin yukni O‘zbekistonga Turkiya orqali jo‘natib yuborish uchun agentga topshirganini ma’lum qiladi. “Seyf kodini hech kimga, hatto agentga ham bildirma. O‘zim operatsiyaga kiryapman, agent sen bilan bog‘lanadi” deya ta’kidlaydi.

Shu tariqa endi orada uchinchi odam – yukni olib kelish uchun biriktirilgan agent paydo bo‘ladi va u ko‘p kuttirmasdan shifokor ayolga bog‘lanadi hamda yukni olib yo‘lga chiqqanini bildiradi.

Ayni shu nuqtagacha “o‘lja”dan biror pul yoki boshqa narsa so‘ralmagan. Natijada, soxta hujjatlarni hamda go‘yoki uning manzili tomon kelayotgan seyfdagi 4 mln dollarni ko‘rgan ayolda ishonch yanada ortgan.

Qarmoqni tortish

Firibgarlar ko‘rishganki, ayol chindan “xo‘rakka ilindi”. Endigi navbat asosiy maqsad – uning pulini olishga urinish edi.

Agent Turkiyaga yetib kelganini, aeroportda xodimlar yukni ochib ko‘rmoqchi bo‘layotganliklarini aytadi. “Agar 2500 AQSh dollari to‘lansa, yukni ochib ko‘rishmas ekan. Yuk xavfsizligi uchun bu pulni to‘lashimiz kerak” deydi u.  

Ichida biroz shubha uyg‘ongan ayol vaziyatni “millioner xonim”ga bildiradi. U esa “agentning aytganini qil, pul qo‘lingga yetib borgach, qilgan xarajatingni qo‘shib olaverasan, men operatsiyaga kirib ketyapman”, deydi.

Shoshib qolgan shifokor yig‘ib qo‘ygan mablag‘ini olib, bankdan aytilgan manzilga, ya’ni Turkiyaga, Cetin Yeter ismli shaxsga jo‘natiladi.

Oradan ko‘p o‘tmay agent yukni Turkiyadan O‘zbekistonga jo‘natishda ham shunaqa muammo yuzaga kelganini bildiradi va tezda 1550 dollar jo‘natishni so‘raydi. Shifokor ikkinchi marta ham so‘ralgan pulni bank orqali jo‘natadi.

Agent bu orada ayolning ishonchini ushlab turish uchun aeroportdan videolar, suratlar yuborib turadi.

Oradan 1 kun o‘tib, agent yana aloqaga chiqadi va O‘zbekistonga kelganini aytib, Toshkent xalqaro aeroportidan video jo‘natadi.

“Mana, nihoyat shu yerdaman. Biroq men sizning mamlakatingizda yana muammoga duch keldim. Xodimlar yukni ochib, ichida nima borligini ko‘rishmoqchi. Buni qilmaslik uchun 3500 dollar so‘rashyapti, buni hal qilmasak bo‘lmaydi”, deydi.

Ayol qarz olib, uchinchi bor 3500 dollar jo‘natadi.

Shu tariqa, ayol o‘tkazgan pullar jami 7550 AQSh dollarga yetgan. Har uchta holatda ham puln Turkiya davlatiga, Cetin Yeter ismli shaxsga ko‘chirilgan. 

Ayol endi hammasi hal bo‘ldi deya uyida o‘tirib, 4 mln dollarni kuta boshlaydi. Ammo bu so‘nggi nuqta emasdi. Chunki firibgarlar ayolni to u buning yolg‘onligini bilib qolgunicha “shilishni” maqsad qilishgandi. Shu sababli, agent yana aloqaga chiqadi va uning uyiga yaqin joyda ekanini, yo‘lda militsiya xodimlari ushlaganini, tezda 1200 dollar jo‘natmasa bo‘lmasligini ma’lum qiladi.

Manzilni ayting, o‘zimiz boramiz, degan savollarni esa “agent” javobsiz qoldiradi. Shunagina ayol bularning barchasi yolg‘on ekanini tushunib yetadi va 7550 dollarga chuv tushganini anglaydi.

Eski uslubning yangicha ko‘rinishi

Aslida bu eski firibgarlik uslubning yangicha ko‘rinishi xolos. Bunday turdagi firibgarliklar O‘zbekistonga 20 yillar oldin kirib kelgan. O‘shanda asosan elektron pochtalarga soxta advokatlar tomonidan xatlar jo‘natilar va “egasiz” qolgan katta miqdordagi pullarni bo‘lishib olish taklif etilardi.

Ijtimoiy tarmoqlar ommalashgach, firibgarlarga “o‘lja” topish ancha osonlashdi. Endilikda ular ijtimoiy tarmoqlar orqali “hujum”ga o‘tishdi. Ularning uslubi ham “zamonaviylasha” bordi.

“Siz bilan bir xil familiyaga ega bo‘lgan mijozim oila a’zolari bilan birgalikda avtohalokat qurboni bo‘ldi. U neft savdosi bilan shug‘ullanardi. Yolg‘iz o‘g‘lining kelajagi uchun bankka 50 mln dollar sarmoya qo‘ygandi. Afsuski, o‘g‘li ham vafot etdi. Sizni uning qarindoshi sifatida ko‘rsatib, ushbu pulni olishimiz mumkin. Faqat mablag‘ni taqsimlab olamiz, yarmi menga, yarmi sizga. Mening turmush o‘rtog‘im saratonga chalingan, uni davolatishim uchun hozir menga katta mablag‘ zarur”.

Ayni shu mazmundagi maktublarga ishonib qolishi ortidan ko‘plab odamlar firibgarlarga chuv tushdi.

Vaqtning o‘tishi bilan bu uslub eskirdi va “samara” bermay qo‘ydi: ko‘plab odamlar buning yolg‘onligidan xabar topib bo‘lishdi. Shu tufayli “ssenariy” o‘zgartirilib, yuqoridagi kabi “agent” o‘ylab topildi. Afsuski, soddalik qilib, bunday yolg‘onlarga ishonayotganlar hamon bor.

Tekin pishloq qopqonda bo‘ladi

Aslida, bu firibgarlik ekanini anglashga har qanday yuk bojxona ko‘rigidan skaner orqali o‘tishi va tekshirilishini, uni ochib ko‘rmaslik uchun pul talab qilinmasligini, bunday katta miqdordagi naqd pul mablag‘i bir davlatdan ikkinchi davlatga shunchaki seyfda chiqarib yuborilmasligini tushunishning o‘zi yetarli edi. Qolaversa, shifokor ayol uchinchi holatda, ya’ni agent Toshkent xalqaro aeroportidaman, deganida ham hech shubhalanmay u so‘ragan pulni Turkiyaga ko‘chirib bergan.

Kun.uz yurtdoshlarimizni yana bir bor bunday firiblarga ishonmaslikka, shunday shubhali holatlarda atrofidagi yaqinlaridan maslahat olib ish tutishga chaqiradi. 

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid