Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasining bosh hisobchisi L.S. qo‘lga olindi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u tibbiyot birlashmasida yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali ikki nafar fuqaroni farrosh lavozimiga ishga joylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, departamentning Chiroqchi tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy shifokorlik punkti mudiri Q.L. ham ushlangan.
U fuqaro Z.X.ni oilaviy shifokorlik punktiga hamshira lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Mazkur holatlar yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish jinoyatiga ishtirokchilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.











