O‘zbekiston | 07:11 / 29.06.2024
3807
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidenti Turkiya kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi

Yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish va qurish, «yashil» energetika quvvatlarini barpo etish, qo‘shma geologik tadqiqotlar o‘tkazish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish loyihalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 iyun kuni Turkiyaning Cengiz Holding kompaniyasi raisi Mehmet Jyengiz va Kalyon Holding kompaniyasi raisi Jyemal Kalyonju boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, shu jumladan, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezidentning yaqinda Anqaraga tashrifi davomida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishining yakunlari qayd etildi. Erishilgan kelishuvlar ijrosini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Kompaniyalar tomonidan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.

Yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish va qurish, «yashil» energetika quvvatlarini barpo etish, qo‘shma geologik tadqiqotlar o‘tkazish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish loyihalari shular jumlasidan.

Cengiz Holding ishtirokida O‘zbekistonda ikkita loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi – Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida umumiy quvvati 460 megavattli zamonaviy elektr stansiyalar ishga tushirildi. Bundan tashqari, Jizzax viloyatida quvvati 500 megavattdan ziyod bo‘lgan yana bir elektr stansiya qurilishi davom etmoqda.

Mavzuga oid