Sport | 17:15 / 30.06.2024
10921
7 daqiqa o‘qiladi

Yevroda kun o‘yinlari: Angliya va Ispaniya pley-offdagi ishtirokini boshlamoqda

Slovakiya va Gurjistondan sensatsiya kutish mumkinmi?

Yevropa chempionatida navbatdagi kun — 1/8 finalning navbatdagi juftliklari. Bu safar angliyaliklar slovaklarni, ispanlar — gurjistonliklarni yengishga harakat qiladi. Chorakfinalga chiqish uchun kimda qanday imkoniyat?

Angliya — Slovakiya: Sautgeyt uchun ilk sinov (21:00 / Zo'rTV)

Angliya milliy jamoasi guruhida birinchi o‘rin bilan pley-offga chiqqandi. Natija bor, ammo Garet Sautgeyt jamoasi juda zerikarli futbol namoyish etmoqda. Angliyaliklar guruh bosqichidagi uch o‘yinda atigi ikkita gol urishdi. Va bu ularga kvartetda birinchi o‘rinni olish uchun yetarli bo‘ldi. Jamoa dastlab Serbiyani yengdi (1:0), keyin Daniya (1:1) va Sloveniya (0:0) bilan durang qayd etdi. Boshqa tomondan, uch yil oldin ham inglizlar guruhda atigi ikki gol urgan (o‘shanda yetti ochko jamg‘arilgan), keyin esa Yevro finaliga qadar yetib borilgandi.

Slovaklar barcha jamoalar to‘rttadan ochko jamg‘argan guruhda ishtirok etdi. Bunda to‘plar nisbati hal qiluvchi bo‘ldi. Natijada Slovakiya uchinchi o‘rin bilan 1/8 finalga chiqdi. Jamoa dastlab Belgiyani mag‘lub etdi (1:0), keyin Ukraina bosimiga dosh berolmadi (1:2), so‘nggi turda esa Ruminiyaga qarshi har ikki tomonni durang qoniqtiradigan o‘yinda durang qayd etildi (1:1). Slovaklar mustaqil davlat bo‘lganidan buyon biror marta Yevropa chempionatlari chorakfinallariga chiqmagan. Jamoa pley-offda faqat bir marta, 2016 yilda o‘ynagan va 1/8 finalda Germaniyaga yirik hisobda yutqazgan (0:3).

Angliya bu Yevroda haddan tashqari zerikarli va pragmatik o‘yini bilan ajralib turibdi. Ammo jamoa hamon turnir g‘olibligi uchun favoritlardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki «Uch sherlar»ning pley-offdagi yo‘lida asosiy raqobatchilar yo‘q — Fransiya, Ispaniya, Germaniya va Portugaliya finalgacha boshqa yo‘ldan boradi.

Pley-offdagi ilk raqib bo‘lmish Slovakiya turnir startida Belgiyani yengib, sensatsiya ko‘targandi. Jamoa butun o‘yin davomida kuchli raqib bosimiga dosh berib turishi mumkin, lekin jamoaning o‘rtacha yoshi ancha katta: asosiy futbolchilardan faqat Xansko va Bojyenik 28 yoshdan kichikroq, yetakchilar esa — 37 yoshli Pekarik hamda Kutska, shuningdek, 35 yoshli Dubravka.

Asosiy masala — turnirning o‘rtacha yoshi eng ulug‘ jamoasining kuchi qanchagacha yetadi? Slovaklar guruhdagi barcha uch uchrashuvni amalda bir xil tarkibda o‘tkazdi va yetakchilar anchagina holdan toyishdi.

Angliyadan esa yorqin hujumkor futbol kutish qiyin. Pley-off tajriba o‘tkazadigan vaqt emas. Shu bilan birga, Trippiyer jamoa hujumda faollashishi lozimligini aytgan: «Biz tajovuzkorlik bilan pressing qilishimiz va o‘z futbolchilarimiz darajasidan kelib chiqqan holda ancha ko‘proq vaziyatlar yaratishimiz mumkin».

Bu borada so‘nggi so‘z Sautgeytda qoladi. Agar bosh murabbiy tanqidlarga chidashga tayyor bo‘lsa, natijaga erishish yo‘lini o‘zi yaxshi biladi. Eng asosiysi — uch ochko, o‘yin sifati haqida bir necha kundan keyin hech kim eslab o‘tirmaydi. Hatto murabbiyga tish qayrab turgan ingliz jurnalistlari ham.

Ispaniya — Gurjiston: yirik hisob yoki mo‘jiza? (00:00 / Zo'rTV)

Ispaniya milliy jamoasi — guruh bosqichida maksimal ochko jamg‘argan yagona jamoa bo‘ldi. Qolaversa, ular birorta gol o‘tkazib yuborishmadi. Ispanlar xorvatlarni yirik hisobda taslim etdi (3:0) va Italiyani osonlik bilan yengdi (1:0). Ikkinchi o‘yinda Luis de la Fuente to‘liq ustunlikka erishdi va hisob yirik bo‘lib ketishi ham mumkin edi, faqat Donnarumma bunga yo‘l qo‘ymadi. Oxirgi turda esa Albaniya «qizil furiya»ning ikkinchi tarkibiga ham raqobat tug‘dira olmadi (1:0).

Gurjiston pley-off ishtirokchilari safida bo‘lishini ko‘pchilik kutmagandi. Bu jamoa uchun Yevropa chempionatining final bosqichiga chiqishning o‘zi ham ulkan muvaffaqiyat edi. Ammo gurjistonlik futbolchilar turnirdagi yurishini davom ettirib, 1/8 finalga chiqdi. Holbuki jamoa ikki turdan keyin atigi bir ochkoga ega edi. Oxirgi turni gurjistonliklar turnir favoritlaridan biri Portugaliyaga qarshi o‘tkazib, g‘alaba qozondi — 2:0.  Guruh bosqichi ramziy jamoasidan birdaniga ikki gurjistonlik - eng yaxshi to‘purar Jorj Mikautadze va darvozabon Georgiy Mamardashvili (seyvlar soni bo‘yicha peshqadam) joy oldi.

Gurjiston pley-offga chiqib, orzuni amalga oshirdi, ammo hozircha ushbu jamoaning salohiyati nimaga yetishini aytib bo‘lmaydi. Ikki turdan keyin guruhdan chiqish masalasini hal qilgan Portugaliyani yengish boshqa, 1/8 finalda katta ishtiyoq bilan maydonga tushadigan Ispaniyadan ustun kelish boshqa ish.

Ko‘pchilik gurjistonliklarning bu uchrashuvdagi imkoniyatini nolga baholamoqda. O‘zaro uchrashuvlar statistikasiga ko‘ra ispanlar yaqqol ustun: so‘nggi to‘rt yilda ular Gurjiston bilan to‘rt bor o‘ynagan va to‘rt g‘alabaga erishgan. Saralash bosqichida Villi Saniol shogirdlari avvaliga 1:7 hisobida, keyin esa — 1:3 hisobida yutqazdi.

Faqat bir narsa aniq — gurjistonliklar oxiriga qadar kurashadi. Muvaffaqiyat uchun Mamardashvilidan mo‘jiza ko‘rsatish, Kvaratsxeliya va Mikautadzedan vaziyatlardan foydalanish talab etiladi.

«Ayni vaqtda Ispaniya — turnirning eng yaxshi jamoasi, men uchun bu aniq. Agar faqat mudofaa haqida o‘ylab, muvaffaqiyatga erishish imkonsiz. Biz raqiblarimiz va butun Yevropaga biz nafaqat himoyada yaxshiligimiz, Portugaliya bilan o‘ynagandek o‘ynay olishimizni ko‘rsatishimiz lozim», — degan Saniol.

Mavzuga oid