Jahon | 18:14 / 08.07.2024
18224
4 daqiqa o‘qiladi

«Agar Merkel Germaniya kansleri bo‘lganida urush bo‘lmasdi» - Viktor Orban

Ukrainadagi urushni tinchitish missiyasi bilan Kiyev, Moskva va Pekinga safar qilgan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Germaniyaning Bild nashriga intervyu berdi. Uning asosiy fikrlari bilan tanishtiramiz.

Viktor Orban, Vengriya bosh vaziri. Foto: Bild.de

«Mening missiyam (Kiyev va Moskvaga safarlari) Ukrainadagi jang maydonlarida bo‘lajak avj olishlar oldidan o‘zini oqlaydi: kelgusi bir necha oy ichida frontda vaziyat yanada og‘irlashadi. Qurol-yarog‘lar tobora ko‘paymoqda, ruslar tobora qat’iyatli bo‘lib bormoqda. Qarama-qarshilik energiyasi, o‘limlar soni, qurbonlar soni so‘nggi yetti oy ichida ro‘y berganidan ko‘ra orta boshlaydi.

Men ham Ukraina, ham Rossiya prezidenti bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Ishoning, keyingi ikki-och oy ichida biz kutganimizdan ham qonli to‘qnashuvlar bo‘ladi. Hozir urush siyosatidan tinchlik siyosatiga o‘tishning ayni vaqti».

«[Kiyev va Moskvaga qilingan] tashriflarning bosh sababi — insonlarning qurbon bo‘layotgani. Bu eng muhim ma’naviy sabab. Bularning qatorida Yevropa manfaatlari ham bor, chunki Ukrainada bo‘layotgan ishlar biz uchun juda yomon».

«Mojaroni frontda hal qilishning imkoni yo‘q. Mening Moskva va Kiyevga xitobim: «Hamma ham inson, barchamiz tinchlikni istaydi, bir-birlaringni o‘ldirishni bas qilinglar. Muzokara boshlaylik. Hech bo‘lmasa, harbiy yechim yo‘qligini tushuninglar».

«Putinda bo‘layotgan ishlar borasida va Rossiya yengishi to‘g‘risida aniq taassurot bor. Zelenskiy ham shunday: u ham Ukraina yengadi, degan umidda».

«Putin yengila olmaydi. Uning askarlari, texnikasi va texnologiyasiga qarang. Rossiyani yengish?! Buni tasavvur etish ham qiyin».

«Har ikki yetakchi [Putin va Zelenskiy] o‘t ochishni tez orada to‘xtatishga qarshi chiqmoqda, lekin hattoki ular ham ertaga ertalabdan boshlab birorta rus va ukrain askari o‘lmasa yaxshi bo‘lishini tushunishadi».

«Dunyoda Rossiya haqida vengrlar va ularning bosh vaziridan yaxshiroq biladigan odamlar juda kam. Men ruslarni bilaman. Ular bizdan mutlaqo bo‘lakcha. Ularning tarixi bo‘lak, madaniyati bo‘lak, instinktlari va nuqtayi nazari bo‘lak. Ularda ozodlik va milliy suverenitet tushunchasi ham boshqacha.

Buni Merkel ham bilar edi. Agar u kansler bo‘lib turganida Putin bu urushni boshlamasdi. Merkel g‘arbdagilarning Rossiyaga liberal demokratiya kerak, degan ahmoqona g‘oyasini umuman tushunmas edi».

«Men Donald Trampning Oq uyga qaytishidan umid qilaman. U biznesmen, u hamma narsaga o‘z kuchi bilan erishgan va barcha narsaga o‘zining yondashuvi bor. Bu esa jahon siyosati uchun yaxshi jihat. AQSh prezidenti bo‘lib turganida u jahonning eng murakkab mintaqalaridagi eski mojarolarda tinchlik o‘rnatilishi uchun ko‘p ishlar qildi. Mana, nima uchun men unga juda ishonaman».

Mavzuga oid