Sport | 16:58 / 10.07.2024
38568
8 daqiqa o‘qiladi

Birinchi yarimfinal qahramoni. Lamin Yamal haqida besh fakt

Messi 2007 yildagi ijtimoiy fotosessiya vaqtida mutlaqo tasodifan tanlangan bir chaqaloqni vannada cho‘miltirgandi. Bu chaqaloq bugungi kunga kelib Ispaniyaning umidiga aylandi.

Fransiya darvozasiga chiroyli gol urgan Lamin Yamal o‘z ismini musobaqa tarixiga uzoq yillarga o‘chmas qilib qoldirdi. Tasavvur qiling, 84 yillik tarixga ega bo‘lgan Yevropa chempionatining eng yosh ishtirokchisi – Lamin, ya’ni shu paytgacha undan yosh futbolchi final bosqichida maydonga tushmagan. Xo‘p, qachondir, qaysidir milliy jamoa yoshroq futbolchini maydonga tushirib, bu rekordni olib qo‘yishi mumkin, lekin yarimfinaldagi gol-chi? Har to‘rt yilda Yevropada atigi ikkitadan yarimfinal bo‘lishini e’tiborga olsak, Lamindan yoshroq kimdirning o‘sha yarimfinalda maydonga tushib, gol ham urishi ehtimoli kamida yuz yillar uchun imkonsiz bo‘lsa kerak.

Quyida esa Lamin haqida balki hali ko‘pchilik bilmagan yana beshta faktni havola qilamiz.

«Bavariya»da o‘ynashi mumkin edi

Yamal «Barselona» safidagi ilk o‘yinini 2023 yilning aprelida, 15 yoshu 9 oylik paytida o‘tkazgandi. Aslida bu voqea sodir bo‘lmasligi mumkin edi, chunki «Bavariya» 2022 yilda Xavi mashg‘ulotlarga jalb qilishni boshlagan vunderkindni o‘z safiga qo‘shib olish uchun qattiq harakat qilgandi. Nemislar 14 yoshdi Yamal «Alyans Arena»ning kelajakdagi uzoq yillik qahramoni bo‘lishi mumkinligiga ishonishardi. Sky Sport Germany nashri bu haqida xabar bergan.

Klub vakillari hatto futbolchining, hamda Gavining agenti bo‘lgan, Ispaniya milliy jamoasining sobiq a’zosi Ivan de la Penya bilan uchrashishgan ham. Ammo Yamal yetti yoshdan shug‘ullanib kelgan «Barselona»ni tark etishni istamadi.

Kataloniyaliklar o‘tgan yili ham Lamindan ajralib qolishlari mumkin edi – 13 iyulda 16 yoshga to‘lgan Yamal professional shartnoma tuzish huquqini qo‘lga kiritdi. Agar klub o‘z vaqtida kelishuv amalga oshirmaganda, futbolchi erkin agentga aylanardi. Ayni damda «Barselona» xotirjam, zero oktyabrda tuzilgan shartnomaga ko‘ra futbolchining tovon puli bir milliard yevroni tashkil qiladi. Shu pulni to‘labgina jamoalar Yamalni «Barselona» roziligisiz qo‘lga kiritishlari mumkin.

Marokash milliy jamoasiga o‘tish ehtimoli bo‘lgan

Lamin turfa millatli oilada tavallud topgan: onasi Ekvatorial Gvineyadan, otasi esa marokashlik. Gvineyaliklar tabiiyki, vaziyatga real baho berib, bu darajadagi iste’dodli futbolchi bu davlat uchun o‘ynamasligini tushungan bo‘lishsa-da, Marokash umidini uzmadi. Axir so‘nggi jahon chempionatida Marokash to‘rtinchi o‘rinni oldi – shu paytgacha hech qaysi Afrika qit’asi vakili bu bosqichgacha yetib kelmagandi.

«Hamma u haqida so‘raydi, uni Ispaniyadan olib qochish niyatimiz borligi bilan qiziqishadi» – degandi marokashlik skaut Rabi Takassa, - «uning texnikasi, o‘yinni, golni his qilishi... u men hayotda ko‘rgan eng yaxshi qanot himoyachilaridan biri».

2023 yilning avgustida Marokash vakillari Lamin va uning ota-onasi bilan uchrashishdi. U paytda Yamal Ispaniya terma jamoasi tarkibida hali maydonga tushmagan, yoshlar tarkiblarida o‘nlab marotaba o‘ynagan bo‘lsa-da, bu afrikaliklar tarkibiga o‘tishga xalaqit bermasdi. To‘g‘ri, aslida Luis de la Fuente ham allaqachon otni qamchilagan, Ispaniyaning Yevro-2024 saralash kampaniyasidagi futbolchilar tarkibiga Yamalni kiritgandi. Sentyabrda Lamin Gurjistonga qarshi o‘yinda debyut qildi va gol ham urishga muvaffaq bo‘ldi. Yevropa chempionatida esa nimalar qilayotganini yaxshi bilasiz.

Yevro davrida ham maktabda o‘qimoqda

Yevropa chempionatida nimalar qilyapti? Assistlar va gollardan tashqari, o‘yinlar va mashg‘ulotlar orasidagi vaqtda uy vazifalarini bajarmoqda, imtihonlarni topshirdi, zero u hali majburiy maktabni bitirgancha yo‘q. Albatta, o‘quv yili paytida Yamal darslarda qatnashish imkoni yo‘q edi, futbolchi asosan onlayn darslar va xususiy o‘qituvchilar yordamida ta’lim oldi. Shu yozda belgilangan imtihonlarni topshirgach, u bizdagi o‘rta ta’lim darajasiga teng bo‘lgan ESO kvalifikatsiyasini oldi.

«Men endigina o‘qishni tugatdim va menga hammasi yaxshi o‘tganini aytishdi. Rostini aytsam, telefonda imtihon natijalarini ko‘rdim, u yerda mening o‘tganimni yozishgandi. Ilovani yopdim-da, onamga telefon qilib xabar berdim» – deydi Yamal.

Ulg‘aygan shahriga alohida mehr ko‘rsatadi

Yamal aholisi 50 ming kishidan kamroq bo‘lgan Espluges-de-Liobregat deb nomlangan katalon shaharchasida dunyoga kelgan. Sal o‘tib, oila kattaroq Mataro shahriga ko‘chib o‘tishdi. Sharoitlar ancha yomon bo‘lgan, ammo Lamin o‘zi ulg‘aygan rayonning xurmatini joyiga qo‘yadi – Yamalning butsasida 304 soni yozilgan, futbolchining o‘zi har golidan keyin ushbu sonni qo‘llari bilan ishora qilib ko‘rsatadi. 304 – Matarodagi Rakafond rayonining pochta indeksi hisoblanadi. Shuningdek, futbolchining butsasida Ekvatorial Gvineya va Marokash mamlakatlarining bayrog‘i tasviri hamda LY harflari bor.

Messi bilan mashhur surat

Aql bovar qilmas tasodif. 2007 yilning dekabrida «Barselona» futbolchilari Diario Sport va YUNISEF tomonidan tashkil qilingan bosma taqvimlar uchun xayriya fotosessiyasida ishtirok etishadi. «Barselona» futbolchilari turli ijtimoiy va etnik guruh vakillari bo‘lgan chaqaloqlar bilan rasmga tushishadi.

Ajablanarli emaski, foto-qahramonlar Kataloniyaning qashshoq hududlaridan izlanadi va tabiiyki, Rokafond ham shunday rayonlar qatorida. AS ma’lumotiga ko‘ra, bunday oilalar Rokafondda shunchalik ko‘p bo‘lganki, tanlov uchun lotereya o‘tkazishgan va unda Laminning oilasi g‘alaba qozongan. Shu tariqa, hali bir yoshga to‘lmagan Lamin fotosessiyalarda ishtirok etdi va u bilan Lionel Messi ham suratga tushdi. Fotograf Joan Monfort esa o‘sha mashhur cho‘milish sahnasini o‘ylab topdi.

«Biz rasmlarni «Kamp Nou»da olgandik» – deb eslaydi Monfort, - «ko‘p rasmlar mehmon jamoalar yechinish xonasida, ba’zilari boshqa xonalarda tasvirga olingan. Ha, men o‘sha rasmni, Messi va chaqaloqni yaxshi eslayman, lekin qo‘ng‘iroq qilib, o‘sha bola Lamin Yamal ekanini aytishmaguncha, hech narsa bilmasdim».

Kim biladi, Yevro va Kopa Amerika shu tariqa davom etsa, Messi va Yamal birgalikda tushgan keyingi rasm «Oltin to‘p» taqdirlash marosimidan ham bo‘lishi mumkin.

Sport Ekspress materiali asosida

Mavzuga oid