Bugun futbol olamidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lib o‘tadi. Albatta, bu jahon chempionati yoki Chempionlar ligasi finali emas. So‘nggi yillarda «Oltin to‘p» topshirish marosimi, umuman ushbu sovrinning ahamiyati shu qadar oshdiki, uning muhokamasi eng katta futbol bahslarini ham ortda qoldira olyapti. Muxlislar-u jurnalistlar, futbol mutaxassislari yil davomida «Oltin to‘p»ga nomzodlarni muhokama qilib charchashmayapti. Quyida ushbu sovrin va topshirish marosimi haqida eng ahamiyatli ma’lumotlar havola qilinadi.
«Oltin to‘p» o‘zi nima?
«Oltin to‘p» futboldagi eng zalvorli individual sovrin bo‘lib, France Football jurnali tomonidan 1956 yilda ta’sis etilgan va shundan beri har yili o‘z egalariga topshirib kelinadi. 1996 yilgacha bu sovrinni faqat yevropalik futbolchilar ololgan bo‘lsa, keyinchalik umuman Yevropa turnirlarida ishtirok etayotgan har qanday futbolchi «Oltin to‘p»ga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘lib qoldi. Aytish mumkinki, aynan shu tuzatish ushbu sovrin nufuzini oshirib yubordi. Keyinchalik paydo bo‘lgan turli o‘xshash sovrinlar, FIFA tomonidan dunyoning eng yaxshi futbolchisi uchun beriladigan mukofot ham «Oltin to‘p»ga teng kelolmadi.
Albatta, bu yerda sovrinning tarixi ancha uzoqligi ham ahamiyat kasb etadi, zero zamonaviy futbolchilar o‘z nomi futbol tarixidagi buyuk nomlar – di Stefano, Pushkash, Kroyf, Charlton, Gullit, Platini kabi yulduzlar bilan bir ro‘yxatdan joy olishini istashadi.
Bugungi kunga kelib esa qaysi liga va terma jamoada to‘p surishidan qat’i nazar dunyoning eng yaxshi futbolchisiga «Oltin to‘p» topshiriladi.
G‘olibni aniqlashda asosan quyidagi uch mezonga e’tibor berilishi lozim:
- ko‘rsatilgan individual mahorat, hal qiluvchi va yetakchilik xarakteri;
- jamoaviy o‘yin va qo‘lga kiritgan sovrinlar;
- mahorat va halol o‘yin.
G‘olib qanday aniqlanadi?
Marosimdan bir necha oy avval tashkilotchilar 30 futbolchidan iborat nomzodlar ro‘yxatini e’lon qilishadi va shundan so‘ng ovoz berish jarayoni boshlanadi.
Ovoz berish uchun FIFA reytingi bo‘yicha top-100 ga kirgan mamlakatlardan bir nafardan jurnalist (O‘zbekistondan Narzulla Saydullayev tanlangan) tanlab olinadi. Har bir ovoz beruvchi tartib bilan 1-10 o‘rinlarga o‘z nomzodlarini yuboradi. Birinchi o‘rin uchun 15 ochko, ikkinchi o‘rin uchun 12 va shu tartibda 10, 8, 7, 5, 4, 3, 2 va 1 ochkoda beriladi va har bir futbolchining ochkolari to‘planadi. Masalan, Narzulla 1-o‘ringa Yamalni, 9-o‘ringa Vitinyani qo‘ygan bo‘lsa, uning ovozidan Yamal 15, Vitinya 2 ochko oladi va shu shaklda yuz nafar jurnalist ovozlari bo‘yicha ochkolar to‘planadi.








