O‘zbekiston | 11:16 / 11.07.2024
10421
3 daqiqa o‘qiladi

Bolalarni bog‘chaga joylashtirish soddalashtirildi

Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilish uchun rasmiylashtirilgan yo‘llanmalarni maktabgacha ta’lim tashkilotiga axborot tizimi orqali yuborish tartibi joriy etildi. Bunda, yo‘llanma rasmiylashtirilganda fuqarolarga tasdiq kodga ega xabarnoma yuboriladi va shu kod asosida bola bog‘chaga qabul qilinadi.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi soddalashtirilgani, byurokratik to‘siqlar qisqartirilgani munosabati bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zgarishlar orasida bolalarni davlat bog‘chalariga joylashtirishni soddalashtirishga qaratilgan tartiblar ham bor.

Jumladan, bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilish uchun rasmiylashtirilgan yo‘llanmalarni maktabgacha ta’lim tashkilotiga axborot tizimi orqali yuborish tartibi joriy etildi. Bunda, yo‘llanma rasmiylashtirilganda fuqarolarga tasdiq kodga ega xabarnoma yuboriladi va shu tasdiq kod asosida bola maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilinadi.

Fuqarolarga yo‘llanma olish uchun berilgan so‘rovnomadagi telefon raqamini istalgan vaqtda o‘zgartirish imkoniyati yaratildi. Bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilish davlat tashkilotlarining aybi bilan kechikkanda, yo‘llanma o‘z kuchida qoladi.

Qaror bilan quyidagi yangiliklar ham joriy etilmoqda:

– elektron raqamli imzo kalitini berishda jismoniy shaxslar biometrik (Face-ID) identifikatsiya qilinadi va elektron raqamli imzo kaliti avtomatik tarzda rasmiylashtirib beriladi;

– qurilishi tugallanmagan obektga birlamchi kadastr pasportini shakllantirishda vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlariga uning nomidan murojaat qilish tartiblari belgilandi;

– avtomototransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati bilan muvofiqlashtirildi va avtomototransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati 10 kun etib belgilandi;

– katta hajmli va og‘ir vaznli yuklarni avtomobil transportida tashish uchun ruxsatnoma berishda arizani ko‘rib chiqish muddati 8 ish kunidan 2 ish kuniga kamaytirildi;

– avtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirishda mulkdorning Majburiy ijro byurosi bazasida qarzdorligini tekshirish axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda amalga oshirilishi belgilandi;

– fuqarolarga avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish faoliyatiga litsenziya olish jarayonida o‘zini o‘zi band qilgan shaxsni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatidan kompozit usulda foydalanish imkoniyati yaratildi.

Mavzuga oid