O‘zbekiston | 17:41 / 11.07.2024
3568
3 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi “Inson” AJ sug‘urta tashkilotiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

Sug‘urta tashkiloti tomonidan haydovchilar soni cheklanmagan holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilgan elektron sug‘urta polislari bo‘yicha sug‘urta tovoni to‘lab berilmayotgani aniqlangan.

Foto: Getty Images

Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Inson” AJ sug‘urta tashkilotiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaga iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar tahlil qilingan. Jarayonda “Inson” AJ sug‘urta tashkiloti tomonidan haydovchilar soni cheklanmagan holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilgan elektron sug‘urta polislari bo‘yicha sug‘urta tovoni to‘lab berilmayotgani aniqlangan.

“Amaliyotda sug‘urta polisi haydovchilar soni cheklanmagan holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilganda polisning 7-bandidagi “Transport vositasi egasining ixtiyori bilan mazkur transport vositasidan foydalanish va uni boshqarishga qo‘yiladigan yaqin qarindoshlari (ota, ona, er/xotin, o‘g‘il, qiz, aka, uka, opa, singil)” qatorlari to‘ldirilmaydi.

O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ko‘rsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) ushbu transport vositasidan mustaqil foydalanishi va boshqarishi mumkinligi belgilangan. Qolaversa, mazkur harakat uchun ishonchnoma talab qilish tartibi 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab bekor qilingan.

Shunga qaramasdan, sug‘urta tashkiloti tomonidan sug‘urta tovoni to‘lab berilmagan. Bunga sabab sifatida cheklanmagan sug‘urta polisida transport vositasi egasi yaqin qarindoshlarining ism-shariflari va qarindoshlik darajasi ko‘rsatilmagani hamda shu sababli ularning fuqarolik javobgarligi sug‘urtalanmagani vaj qilib ko‘rsatilgan”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Holat bo‘yicha qo‘mita tomonidan “Inson” AJ sug‘urta tashkilotiga nisbatan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasi buzilishi alomatlari yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid