«Siyosatimizdagi haroratni pasaytiring». Bayden Trampga suiqasd munosabati bilan millatga murojaat qildi
U Amerikada nizolar o‘q bilan emas, saylov qutisida hal qilinishini aytgan.
Jo Bayden Oq uyning sobiq rahbari hamda respublikachilarning AQSh prezidentligi uchun nomzodi Donald Trampga suiqasdga urinish munosabati bilan Amerika xalqiga murojaat qildi. Oval kabinetda yozilgan bayonotida prezident amerikaliklarni siyosatda zo‘ravonlik ishlatishdan tiyilishga chaqirgan.
«Siyosatimizdagi haroratni pasaytirishimiz lozim, – degan Bayden. – Bunday zo‘ravonlik odatiy holga aylanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Mamlakatimizdagi siyosiy ritorika juda qizib ketdi. Uni sovitish vaqti keldi. Buni qilish — barchamizning burchimizdir».
Bayden siyosat «tinch debatlar uchun maydon» bo‘lishi lozimligi va zo‘ravonlik hech qachon javob bo‘la olmasligni ta’kidlagan. Siyosiy kurash «hech qachon haqiqiy jang maydoniga, xudo asrasin, qotillik maydoniga aylanmasligi kerak», deya qo‘shimcha qilgan prezident.
«Amerikada biz kelishmovchiliklarni saylov qutilarida hal qilamiz. Hozir shuning vaqti. O‘q yordamida emas, saylov qutilarida», – degan Bayden yetti daqiqaga yaqin davom etgan murojaatida.
U «demokratiya va qonun ustuvorligi uchun» faol targ‘ibotni davom ettirish niyatida ekanini qo‘shimcha qilib, «ko‘chalarda zo‘ravonliksiz», saylov qutilari yonida harakat qilishga chaqirdi. «Biz ekstremizm va g‘azab emas, balki odobli va mehribon bo‘lgan Amerika tarafdorimiz», – deydi Bayden.
Prezident Trampga tezda sog‘ayishini tilagan hamda Trampning mitingi vaqtida halok bo‘lgan 50 yoshli o‘t o‘chiruvchi Kori Komperatorni qahramon deb atagan — u o‘z oilasi a’zolarini o‘qlardan pana qilish uchun o‘zini qurbon qilgandi.
Miting chog‘ida yaralangan yana ikki kishi — 57 yoshli Devid Datch va 74 yoshli Jyeyms Kopenheyver bo‘lgan. Ularning ikkisi ham shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda. Trampning o‘zi yengil jarohat olgan: dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘q sobiq prezidentning boshidan bir necha millimetr naridan ketgan va uning qulog‘ini tilib o‘tgan.
Bayden Amerika maxsus xizmatlari hozircha jinoyatchining motivlari bo‘yicha biror xulosaga kela olmaganini ma’lum qilgan.
FQB ma’lumotiga ko‘ra, Trampga Pensilvaniya shtatining miting o‘tkazilgan Batler shahridan 70 km masofadagi Betel-Park shahridan kelgan 20 yoshli Tomas Metyu Kruks o‘q uzgan.
Prezident o‘z murojaatida ishonchli faktlar yo‘qligida internetda ko‘p sonli yolg‘on ma’lumotlar va fitna nazariyalari tarqalganiga ishora qilgan.
«Motivlar hozircha ma’lum emas»
«O‘qotarning motivlari hozircha bizga ma’lum emas. U qanday qarashlarda bo‘lgani va kimni qo‘llaganini biz bilmaymiz. Biz u kimdandir yordam olgani yoki kim bilandir aloqada bo‘lgani haqida bilmaymiz», — degan Bayden.
Avvalroq Federal qidiruv byurosi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi yolg‘iz harakatlangani hamda huquq-tartibot organlari hozircha «u qandaydir mafkura bilan aloqdorligi bo‘yicha ma’lumot topmagani»ni xabar qilgandi.
Oval kabinetda turib murojaat qilishidan oldinroq Bayden jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida, Trampni qo‘riqlash kuchaytirilishini ma’lum qilgandi. U shuningdek dushanba kuni boshlanayotgan Respublikachilar partiyasi qurultoyida qo‘riqlash ishlari kuchaytirilishini aytgan, qurultoyda Tramp rasman prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, AQShning amaldagi va oldingi prezidentlari xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan Amerika Maxfiy xizmati respublikachilar qurultoyidagi faoliyati bo‘yicha «qandaydir operativ o‘zgarishlar kutmayotgani»ni bildirgan.
Bayden Trampga qo‘ng‘iroq qilib, hamdardlik bildirgan. Wall Street Journal gazetasiga ko‘ra, bu qo‘ng‘iroq «qisqa va hurmat yuzasidan» bo‘lgan.
Bu Baydenning prezidentlik davrida Oval kabinetdan uchinchi bor murojaat qilishi bo‘ldi. Bunday chiqishlar juda kam bo‘ladi va odatda eng jiddiy voqealarga bag‘ishlanadi.
Baydenning bu kabi oldingi murojaati 2023 yil oktyabrida, Hamasning Isroilga hujumidan keyin qilingandi. Undan oldinroq esa 2023 yil iyunidagi murojaatida AQSh Kongressidan Amerika qarzi chegarasini oshirishga ruxsat berishini so‘ragandi.
Tramp millatni birlikka chaqirmoqda
Bu vaqtda Donald Tramp suiqasddan keyingi ilk intervyusini bergan. U Washington Examiner gazetasi bilan suhbatda qurultoydagi chiqishi matnini qaytadan yozishini va unda e’tiborni Baydenni tanqid qilishga emas, milliy birlikka qaratishini aytgan.
«Men qilmoqchi bo‘lgan nutq bomba bo‘lishi kerak edi», – degan Tramp. «Agar bu voqea bo‘lmaganida, men o‘zimning eng aql bovar qilmas nutqlarimdan birini so‘zlagan bo‘lar edim», – deya qo‘shimcha qilgan u va asosan Baydenning siyosatidagi kamchiliklar haqida gapirishni istaganini qo‘shimcha qilgan.
«To‘g‘risini aytsam, endi bu butunlay boshqacha nutq bo‘ladi. Bu mamlakatni birlashtirish imkoniyati. Menga shunday imkoniyat berildi», – degan sobiq prezident.
U shuningdek yakshanba kuni o‘zi bilan sodir bo‘lgan voqeani «endigina chinakamiga anglay boshlagani»ni tan olgan.
Tramp allaqachon 15 iyuldan 18 iyulga qadar respublikachilar qurultoyi o‘tkaziladigan Miluoki shahriga (Viskonsin shtati) yetib kelgan.
Mavzuga oid
17:48
Tramp Pem Bondini bosh prokuror lavozimiga yangi nomzod sifatida ko‘rsatdi
14:54
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
11:15 / 21.11.2024