Iqtisodiyot | 17:33 / 18.07.2024
4497
5 daqiqa o‘qiladi

II chorakda uy-joy bozorida faollik pasaydi – Markaziy bank

Regulyator tahlillariga ko‘ra, 2024 yilning aprel-iyun oylarida faollikning sekinlashishi ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyatning barqarorlashuvi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ijara va uy-joy narxlari oshishi sekinlashgan. Narxlarning muvozanatlashuvi sharoitida ikkilamchi uy-joylarni sotish va ijaraga berish bo‘yicha e’lonlar hajmi oshgan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank 2024 yilning II choragida uy-joy bozori tahlilini e’lon qildi. Tahlillar joriy yilning II choragida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ko‘chmas mulk bozoridagi faollik biroz sekinlashganini ko‘rsatmoqda.

Oldi-sotdi bitimlarida ushbu davrga xos bo‘lgan mavsumiy o‘sish sur’atlari kuzatilmadi va I chorakdagi ko‘rsatkichlar doirasida shakllandi. Aprel-iyun oylarida 80,1 mingta oldi-sotdi bitimi tuzilgan bo‘lib, oldingi davrlarda narxlar yuqori o‘sishi sharoitida faollik nisbatan baland bo‘lgan hududlarda, ya’ni Toshkent shahri (-8 foiz), Buxoro (-10 foiz), Navoiy (-26 foiz) va Toshkent (-12 foiz) viloyatlarida bitimlarning sezilarli pasayishi davom etmoqda.

Foto: Markaziy bank

Regulyator faollikning sekinlashishi ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyatning barqarorlashuvi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda. Jumladan, turar joy bo‘yicha taklif oshishda davom etmoqda. Narxlarning muvozanatlashuvi sharoitida xaridorlar tomonidan oldingi davrlarda sotib olingan uy-joylar ikkilamchi bozorda sotuvga yoki ijaraga berilishi bo‘yicha e’lonlar joylashtirilmoqda. Yil boshidan buyon ikkilamchi uy-joylarni sotish bo‘yicha e’lonlar soni 12,7 foizga, ijaraga berish bo‘yicha esa 18,4 foizga oshgan.

Foto: Markaziy bank

“Talab darajasi ham uy xo‘jaliklari daromadlarining maqbullashishi, ipoteka kreditlari o‘sish sur’atining sekinlashishi, bazaviy inflyatsion jarayonlar va almashuv kursining nisbatan barqarorlashuvi sharoitida muvozanatlashgan. Spekulyativ talabning qisqarishi kelgusida ko‘chmas mulk bozorining to‘g‘rilanishiga qo‘shimcha omil bo‘lib xizmat qiladi.

Hukumat tomonidan uy-joylar uchun ipoteka kreditlarining maqsadli ajratilishi, shu bilan birga Markaziy bankning makroprudensial choralari ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyatning muvozanatlashib borishiga xizmat qilishi kutilmoqda”, - deyiladi regulyator tahlillarida.

Ikkinchi chorak davomida turar joy ko‘chmas mulk bozoridagi narxlarning oylik o‘sish sur’atlari sekinlashib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pastroq bo‘ldi. Joriy yilning 6 oyi davomida ikkilamchi bozorda uy-joy narxlarining o‘sishi so‘m indeksida 4,5 foizni (taqqoslash uchun: 2023 yil yanvar-iyun oylarida 11,8 foiz), birlamchi bozorda 7,2 foizni (2023 yil yanvar-iyun oylarida 10,9 foiz) tashkil etdi. O‘tgan yilning ikkinchi yarim yilligida kuzatilgan yuqori narx effektining saqlanib qolayotgani ta’sirida yillik hisobda uy-joy narxlari o‘sishi iyun oxirida so‘m indeksida 26,3 foizni (dollar hisobida – 14,7 foiz) tashkil etdi.

Foto: Markaziy bank

Birlamchi bozorda narxlarning o‘sish sur’atlari nisbatan barqarorligicha qolmoqda. Yillik hisobda birlamchi bozordagi narxlar so‘m ekvivalentida 35 foizga, dollar ekvivalentida esa 22,5 foizga oshdi.

“Turar joy ijarasi bozoridagi faollik jilovlanib, yil boshidan buyon narxlarda pasayish dinamikasi saqlanib qoldi. Jumladan, Toshkent shahrida turar joy ijarasi narxlari qolgan hududlarga qaraganda nisbatan tezroq pasaymoqda. Respublika bo‘ylab turar joy ijara narxlari yillik sur’atda iyun oyida so‘m indeksida 12,3 foizni (dollar indeksida – 2,1 foiz) tashkil etdi. Toshkent shahrida turar joy narxining so‘m indeksi yillik 1,2 foizga pasaydi (dollar indeksida – -10,3 foiz)”, - deyiladi rasmiy xabarda.

Foto: Markaziy bank

Shuningdek, turar joy xarid qilish va uni ijaraga berish narxlarining o‘sish sur’ati o‘rtasidagi tafovut kengayishda davom etib, kelgusida bu talabning uzoq muddatli ijaraga o‘tishi tufayli mulk qiymatining o‘sishini muvozanatlashtirishi mumkin. Ikkinchi chorakda yer narxlarining dinamikasida to‘g‘rilanish kuzatildi. Toshkent shahrida iyun oyida 1 sotix yer narxi yillik 25,7 foizga oshib, 342 million so‘mni tashkil etdi.

Avvalroq, Markaziy bank I chorakda ikkilamchi bozorda narxlarning o‘sish sur’ati sekinlashganini ma’lum qilgandi. Ko‘chmas mulk bozori yuqori faollikka ega Toshkentda esa mart oyida ko‘chmas mulk bozori 20,7 foizga pasaygandi.

Avvalroq, iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari 2024 yilning birinchi yarmida ko‘chmas mulk savdosi 5,7 foizga qisqarganini ko‘rsatgandi.

Mavzuga oid